AQSH Rossiya ishtirokisiz Ukrainadan don eksport qilishni rejalashtirmoqda – WSJ
Olam
−
16 avgust 2023
6600Qo‘shma Shtatlar Turkiya, Ukraina va uning qo‘shnilari bilan Ukraina g‘allasini Rossiya ishtirokisiz eksport qilish uchun muqobil yo‘nalishlarni topish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” rasmiylarga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ishlab chiqilayotgan rejaga ko‘ra, shu yilning oktyabriga qadar har oyda Dunay daryosi bo‘ylab to‘rt million tonna don jo‘natish mumkin bo‘ladi.
Undan keyin don Qora dengiz orqali Ruminiyadagi yaqin portlarga o‘tadi va u yerdan boshqa mamlakatlarga jo‘natiladi.
“Garchi donni eksport qilishning bu usuli “don kelishuvi” doirasida qo‘llaniladigan yuk tashish yo‘lagidan qimmatroq va uzoqroq bo‘lsada, lekin eng muqobil chora bo‘lishi mumkin”, deyiladi nashr xabarida.
Gazeta manbalaridan biriga ko‘ra, Vashington boshqa variantlarni, jumladan, Ukraina portlari bilan ishlaydigan kemalarni himoya qilishning harbiy yechimlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
“Ukrainaning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha ishlar Turkiya va BMTning Rossiyani Qora dengiz tashabbusini amalga oshirishga qaytarishga urinishlari bilan parallel ravishda olib borilmoqda”, deya xabar bergan nashr manbalari.
Ismini oshkor etmagan diplomatlarga ko‘ra, sentyabr oyidagi g‘alla yig‘imigacha Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Moskvani shartnomani qayta ochishga majburlash bosimi ostida qolmoqda.
Yevropa rasmiylari orasidagi gazeta manbalari, agar muammo bo‘lmasa, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga har oyda o‘rtacha 5-5,5 million tonna don eksport qilishga yordam berishi mumkinligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyul kuni Rossiya tomoni Qora dengizdagi gumanitar yo‘laklar orqali Ukraina g‘allasini xavfsiz eksport qilish bo‘yicha kelishuvni uzaytirmagan va buni Istanbul kelishuvining ikkinchi qismi bajarilmagani bilan izohlagandi. Keyinchalik Rossiya qo‘shinlari Ukraina donini eksport qilish uchun qo‘llaniladigan Odessa portlariga zarba berdi va oqibatda 60 ming tonna g‘alla nobud bo‘ldi.
LiveBarchasi