AQSH razvedkasi yashirin evakuatsiya ishlarini amalga oshirmoqda
Olam
−
26 avgust 2021
7817AQSH Qurolli Kuchlari va Markaziy razvedka boshqarmasi Qobul aeroporti tashqarisida amerikaliklarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilish uchun yashirin operatsiyalar o‘tkazmoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar bergan.
Manbaga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi o‘z vatandoshlarini Qobul hududidan va poytaxt tashqarisidan evakuatsiya qilish uchun bir necha maxfiy operatsiyalarni boshlagan, buning uchun ular harbiy vertolyotlardan foydalanmoqda.
Bundan tashqari, Amerika qo‘shinlari o‘z ittifoqchilari, xususan Buyuk Britaniya va Fransiyadan, o‘z mamlakatlari fuqarolarini, shuningdek, “grin-karta” va maxsus vizaga ega bo‘lgan afg‘onlarni evakuatsiya qilish uchun quruqlikdagi operatsiyalarni o‘tkazmoqda. Qayd etilishicha, bunday missiyalarda ustuvorlik Amerika fuqarolariga beriladi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko‘ra, AQSH hukumati joriy yilning 14 avgustidan beri Qobuldan 4,5 mingga yaqin vatandoshlarini, shuningdek, ularning oila a’zolarini evakuatsiya qilgan. Vashington hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘onistonda bir yarim mingga yaqin amerikalik qolishi mumkin.
Avvalroq, “Tolibon” harakati Qobul xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida xabar bergan edik. Harakat faqat xorijliklarga aeroportga kirishga ruxsat bermoqda.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi