AQSH rasmiylari yadro arsenalining eskirganidan shikoyat qildi – WSJ
Olam
−
26 avgust
4831AQSHning yadroviy raketa arsenali va unga aloqador infratuzilma sezilarli darajada eskirgan va ularni qayta jihozlash zarur. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pentagon yadro kallaklari bo‘lgan raketalar uchun yuzlab ishga tushirish qurilmalarini modernizatsiya qilish xarajatlarini 141 milliard dollarga baholamoqda va Sentinel ISBM ishlab chiqarish dasturi doirasida qit’alararo ballistik raketalarni almashtirish kutilmoqda.
“Yaqinda AQSH kuchlari rasmiylari va ularning pudratchilari mavjud qurol va inshootlarning ishlash muddatini uzaytirish bo‘yicha harakatlar payti kelganini aytdi. Taxminan 450 ta ishga tushirish moslamalari ichida joylashgan raketalarning 10 yillik ishlash muddati ancha yillar oldin tugagan. Yer osti ishga tushirish shaxtalariga minglab kilometr yangi optik tolali kabellar kerak. Raketalarni boshqaradigan yer osti qo‘mondonlik markazlari qayta qurilishi zarur”, deyiladi xabarda.
AQSH harbiy-havo kuchlari vakillariga ko‘ra, avvallari ikki-uch soat davom etgan texnik xizmat ko‘rsatish ishlari endi ikki baravar ko‘p vaqt oladi va zarur ehtiyot qismlarni sotib olish ancha qiyinlashdi. Shuningdek, ba’zi ishga tushirish moslamalarini ishlatib bo‘lmaydi va ular qayta tiklanishi kerak.
Ma’lumot uchun, Sentinel uch bosqichli qit’alararo ballistik raketa bo‘lib, Minuteman III ISBM o‘rniga yaratilgan. Qo‘shma Shtatlar 2038 yilgacha to‘liq yangilashni amalga oshirish niyatida, lekin raketalarning o‘zi 2030 yilda ishga tushadi. Kechikishlar va byudjetning oshib ketishi dasturni shubha ostiga qo‘ygan, ammo iyul oyi boshida Pentagon dastur qiymati dastlabki hisob-kitoblardan 81 foizga oshib, 140,9 milliard dollarga yetganiga qaramay, Sentinel ISBM’ni ishlab chiqish davom etishini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvlroq Bayden Xitoyni tiyib turish uchun maxfiy yadro strategiyasini ma’qullagan edi.
LiveBarchasi