AQSH Pokiston va Hindiston orasiga tushmoqchi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio kecha, 9 may kuni Pokiston armiyasi bosh qo‘mondoni general Asim Munir bilan telefon orqali suhbatda Hindiston bilan mojaroni hal qilishda yordam berishni taklif qildi. Bu haqda AQSH davlat departamentining rasmiy saytida ma’lum qilindi.

“U ikkala tomonni ham keskinlikni kamaytirish yo‘llarini topishga chaqirdi va kelajakdagi mojarolarning oldini olish uchun konstruktiv muzokaralarni boshlashda AQSH yordamini taklif qildi”, deyiladi Davlat departamenti xabarida.

Bildirilishicha, oldinroq Rubio Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan ham qo‘ng‘iroqlashib, tomonlarni vaziyatni yumshatishga chaqirgan.

Shu bilan birga, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Hindiston-Pokiston mojarosi AQSHga bevosita aloqador emasligini, ular unga aralashmasligini, ammo tinchlik tiklanishiga umid qilishini aytgandi.

“Biz qila olishimiz mumkin bo‘lgan narsa bu keskinlikni biroz pasaytirishga undashdir, ammo biz urushning avj olishiga aralashmoqchi emasmiz, bu aslida bizga tegishli emas va Amerikaning uni nazorat qilish qobiliyatiga hech qanday aloqasi yo‘q”, degan edi Vens.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Amerika hindlarga ham, pokistonliklarga ham qurolni tashlashni buyura olmaydi”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston harbiy-havo kuchlari qanot qo‘mondoni Vomika Singh “The Times of India” nashriga bergan intervyusida Pokiston qo‘shinlarini Hindiston bilan chegaraga yaqinlashtirayotgani, bu esa keskinlikni yanada kuchaytirish maqsadidagi hujum niyatidan dalolat berishi haqida gapirgan edi.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi

22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.

Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.

Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi. Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi.

30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.

7 mayga o‘tar kechasi tunda Hindiston Pokistonga raketa zarbasi yo‘lladi. Islomobod buni urush harakati deb atab, javob zarbalari berdi. Mojaroning keskinlashuviga BMT, AQSH, Xitoy, Qirg‘iziston va Isroil munosabat bildirdi. O‘zbekiston ham Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi.

8 may kuni ikki mamlakat harbiy-havo kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangida jami 125 ta harbiy samolyot bir soatdan ortiq vaqt davomida jang qildi va bu aviatsiya tarixidagi eng yirik va eng uzoq davom etgan havo janglaridan biri bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Marko Rubio Hindiston va Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing