AQSH Ozarbayjon va Armanistonni qurolli to‘qnashuvni to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
13 Sentabr 2022
2634AQSH Davlat departamenti Armaniston-Ozarbayjon chegarasida harbiy qarama-qarshilik kuchaygani haqidagi xabarlar sabab “chuqur xavotir” bildirdi va tomonlarni harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.
“Biz oldin aytganimizdek, mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi. Biz har qanday jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz”, deydi Davlat departamenti rahbari.
Armaniston Bosh vaziri esa allaqachon “aka”lari bilan muloqotni boshlab yubordi. Xususan, Armaniston Bosh vaziri matbuot xizmati Blinken va Nikol Pashinyan o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lganini ta’kidladi.
“Entoni Blinken Amerika tomonining vaziyatdan chuqur xavotirda ekanligini bildirdi va vaziyatni yanada keskinlashtirishni qabul qilib bo‘lmas deb hisobladi. U AQSHning vaziyatni barqarorlashtirish uchun sa’y-harakatlarga tayyorligini bildirdi”, deyiladi rasmiy Yerevan xabarida.
Armaniston hukumati rahbari saytida xabar qilinishicha, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham vaziyatni yumshatish zarurligiga chaqirgan, Pashinyan u bilan ham telefon orqali muloqot qilgan.
“Prezident Makron keskinlikning yanada kuchayishini qabul qilib bo‘lmas deb hisobladi va vaziyatni yumshatish zarurligini ta’kidladi”, deydi Pashinyan matbuot xizmati.
Shu bilan birga, Yelisey saroyi ikki yetakchi o‘rtasida suhbat bo‘lganini tasdiqlamadi.
Armaniston va Ozarbayjon chegarasida janglar 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:05 da boshlandi. Baku Yerevanni provokatsiyalarda aybladi va shuning ortidan to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, 12 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan.
Armaniston esa Bakuni chegarada otishma uyushtiriday ayblayapti.