AQSH Ochiq osmon shartnomasidan chiqmoqda

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari bugun, 22 noyabrdan Ochiq osmon shartnomasi a’zosi bo‘lishdan to‘xtadi. Bugun Amerika Hukumati depozitarlarga (Kanada va Vengriya) hamda boshqa a’zolarga kelishuvdan chiqishi haqidagi ogohlantirish yuborganiga 6 oy to‘ldi va muddat tugadi.

Rasmiy Vashington o‘zining xatti-harakatini Rossiya tomoni kelishuv shartlarini bajarmayotgani bilan izohlagan.

Endilikda AQSH kelishuv ishtirokchilari hududida harbiy faoliyatning borishini kuzatish uchun parvozlarni amalga oshirolmaydi, shuningdek, parvoz vaqtida olingan ma’lumotlarni ham ololmaydi.

Davlat kotibi Maykl Pompeo 21 maydagi bayonotida Rossiya kelishuv shartlarini to‘liq bajarishni zimmasiga olsa, rasmiy Vashington qarorini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini aytgandi. AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘sha vaqtdayoq yangi kelishuv tuzish mumkinligini aytgan.

Rasmiy Moskva esa Vashington ilgari surayotgan shartlarni qabul qilib bo‘lmasligini, negaki ular ultimatum xarakterida ekanini ta’kidlab kelyapti.

AQSHning Rossiyaga qanday e’tirozlari bor?

Rossiyaning AQSH samolyotlariga tan olinmagan Abxaziya va Janubiy Osetiya chegarasidan 10 km masofada uchib o‘tishga ruxsat bermasligi. Vashingtonning fikricha, shu orqali Rossiya o‘zi okkupatsiya qilgan hududlarni mustaqil davlat sifatida ko‘rsatishda davom etmoqchi.

Rossiyaga nisbatan e’tirozlardan yana biri AQSH va ko‘plab davlatlar Ukraina hududi ekanini ta’kidlab kelayotgan Qrimda samolyotlarga yonilg‘i quyish uchun aerodom ajratish talabining bajarilmasligi bo‘lgan.

Yevropa Ittifoqi davlatlari orasidagi Rossiya anklavi – Kaliningrad uzra parvozlarning cheklanishi. AQSH bu hududga Rossiyaning asosiy qurollari, xususan, yadroviy qurollar joylashtirilganiga ishonmoqda.

Ma’lumot uchun, Ochiq osmon to‘g‘risidagi ko‘ptomonlama kelishuv 1992 yil 24 mart kuni Xelsinki shahrida imzolangan. AQSH kelishuvdan chiqqanidan keyin unga 33 davlat a’zo bo‘lib qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh

Baholaganlar

223

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing