AQSH neft narxining yuqori chegarasini buzgani uchun uchta tankerga sanksiyalar kiritdi
Olam
−
02 dekabr 2023
5306Qo‘shma Shtatlar Birlashgan Arab Amirliklarining ikki va Liberiyaning bitta kompaniyasiga hamda ularning tankerlariga narx chegarasidan yuqori sotilgan Rossiya neftini tashiganlik uchun sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) saytida ma’lum qilindi.
BAAning Sterling Shipping Incorporated va Streymoy Shipping Limited va Liberiyaning HS Atlantica Limited kompaniyalari jarimaga tortildi.
“NS Champion, Victor Bakaev va HS Atlantica tankerlari bir barrel uchun 70 dollardan yuqori narxda sotilayotgan Rossiya neftini tashiyotgan edi, bu joriy qilingan narx chegarasini buzish edi”, deyiladi AQSH Moliya vazirligi bayonotida.
Ushbu tashkilotlarning AQSHdagi barcha aktivlari muzlatiladi va AQSH fuqarolari yoki kompaniyalariga ular bilan biznes qilish taqiqlanadi.
“Rossiya nefti narxining chegaralanganligini ta’minlash Qo‘shma Shtatlar va koalitsiya bo‘yicha hamkorlarimiz uchun ustuvor vazifadir. Ushbu kompaniyalar va ularning kemalarini nishonga olish orqali biz narxlarni cheklashning ikki tomonlama maqsadini qo‘llab-quvvatlaymiz: Rossiyaning neft daromadlarini cheklash va jahon energetika bozorlari barqarorligini ta’minlash”, deydi AQSH Moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyemo.
Ma’lumot uchun, G7 davlatlari, Yevropa Ittifoqi va Avstraliya o‘tgan yili Rossiya neftining barreliga 60 dollardan yuqori narxni joriy qilgan edi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli kiritilgan cheklovlar kompaniyalarga ushbu narxdan yuqori sotilgan rus neftini tashish va sug‘urtalashni taqiqlaydi. Noyabr oyida “Reuters” agentligi ta’kidlaganidek, bu yil jahonda neft narxining ko‘tarilishi Rossiya neftining aksariyati sanksiyalarga qaramay, chegaradan oshib ketayotganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Rossiyaning 11 tashkilotiga, shuningdek, mamlakatdan neft tashish bilan bog‘liq uchta neft tankeriga qarshi sanksiyalar kiritgandi.