AQSH Meksikaga harbiy harakatlar bilan tahdid qildi – WSJ
Olam
−
01 mart 5365 2 daqiqa
Pentagon rahbari Pit Hegset Meksika harbiy qo‘mondonligi bilan muzokaralar chog‘ida AQSH Qurolli kuchlari tomonidan “bir tomonlama harakatlar” amalga oshirilishi bilan tahdid qilgan. U Meksika hukumati va narkokartellar o‘rtasidagi “til biriktirish” masalasi hal etilmasa, Amerika harbiylari chora ko‘rishi mumkinligini bildirgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ushbu suhbat joriy yilning 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan, bu Pentagonning yangi rahbari va Meksika harbiy qo‘mondonligi o‘rtasidagi birinchi rasmiy aloqa bo‘lgan. WSJ manbalari Meksika harbiy rahbariyati Hegsetning ohangidan “hayratga tushgani va g‘azablangani”ni aytgan, chunki uning so‘zlari mamlakat hududida keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanishi tahdidi sifatida qabul qilingan.
Nashrning yozishicha, Meksika hukumati hozirda vaziyatni yumshatish yo‘llarini faol izlamoqda. Muzokaralar davom etmoqda va asosiy sana 4 mart bo‘lishi kutilmoqda – aynan shu kuni AQSH Meksikaga qarshi choralarni kuchaytirishi va bojlarni joriy etishi mumkin. Fevral oyi boshida Meksika bojlarning bir oyga kechiktirilishiga erishdi va AQSHga narkotik moddalar kontrabandasining oldini olish maqsadida chegara hududiga 10 ming nafardan ortiq Milliy gvardiya askarlarini joylashtirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Meksikaga bosim o‘tkazib, mamlakat noqonuniy migratsiya va narkotik yetkazib berishga qarshi keskin choralar ko‘rmasa, Meksika mahsulotlariga 25 foizlik boj joriy qilish bilan tahdid qilgan edi. Endi esa iqtisodiy sanksiyalarga qo‘shimcha ravishda Meksika hukumati haqiqiy harbiy bosqindan xavotirda.
Donald Tramp inauguratsiyadan so‘ng darhol AQSHning janubiy chegarasida favqulodda holat e’lon qilgan va u yerga qo‘shimcha qo‘shin yuborgan edi. Bundan tashqari, u narkotik ishlab chiqarilayotgan Meksika laboratoriyalariga zarba berish ehtimoli haqida bir necha bor bayonot bergan.