AQSH markaziy osiyolik migrantlarni Kosta-Rikaga deportatsiya qiladi
Olam
−
18 fevral 2025 4870 2 daqiqa
AQSH mamlakatdagi 200 dan ortiq markaziy osiyolik va hindistonlik noqonuniy migrantlarni Kosta Rikaga yuboradi. Bu haqda Kosta Rika Prezidenti ma’muriyatiga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.
“Odamlarning birinchi guruhi 19 fevral kuni mamlakatga yetib keladi. Kosta Rika ularga o‘z mamlakatlariga yetib borishda ko‘prik vazifasini o‘taydi. Hukumat 200 nafar noqonuniy muhojirni o‘z mamlakatiga qaytarishda Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi”, deyiladi Kosta Rika Prezidenti ma’muriyati e’lonida.
Hukumatning aniqlik kiritishicha, Markaziy Osiyo va Hindistondan borgan noqonuniy shaxslar tijorat reyslari orqali olib kelinadi, shundan so‘ng ular Korredores kantonidagi migrantlarga xizmat ko‘rsatish markaziga joylashtiriladi.
“Jarayon to‘liq AQSH hukumati tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti nazorati ostida moliyalashtiriladi, bu agentlik muhojirlarning mamlakatda bo‘lishi davomida ularga g‘amxo‘rlik qiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 20 yanvar kuni AQSH Prezdenti Donald Tramp inauguratsiya nutqida Amerika hududiga noqonuniy kirishni to‘xtatishga va millionlab muhojirlarni ekstraditsiya qilishga va’da bergan. Shuningdek, janubiy chegaradagi vaziyat tufayli umummilliy favqulodda holat joriy qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatda ruxsatsiz bo‘lib turgan o‘zbekistonlik muhojirlarni Panamaga deportatsiya qilayotgani haqda ma’lum qilingandi. Buning ortidan O‘zbekiston elchixonasi AQSH hukumatiga Panamaga deportatsiya qilinganlar bo‘yicha so‘rov kiritgandi.
Live
Barchasi