AQSH Markaziy Osiyo mamlakatlariga 25 million dollar yordam ajratmoqchi
Olam
−
28 fevral 2023
6839Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati Markaziy Osiyoda iqtisodiy barqarorlik tashabbusi (ERICEN) orqali mintaqaviy dasturlarga 25 million dollar ajratmoqchi. Bu haqda bugun, 28 fevral kuni Davlat departamenti tomonidan berilgan yozma bayonotda aytilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, 2022 yil sentyabr oyida tashkil etilgan tashabbus mintaqada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, Vashington o‘z yo‘nalishi orqali 2022 moliya yilida (mamlakatda o‘tgan yilning 30 sentyabrida yakunlangan) “savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish, mintaqaga sarmoya jalb etish va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish” uchun 25 million dollar yo‘naltirgan.
“Kongress bilan hamkorlik qilib, AQSH [ma’muriyati] ERICEN doirasidagi dasturlarni kengaytirish uchun 2023 moliya yilida 20 million dollar qo‘shish niyatida. Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, iqtisodiy va energetika dasturlari orqali mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 5 million dollar, mintaqaviy dasturlarga jami 50 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda”, deyiladi AQSH tashqi idorasi xabarida.
Mablag‘lar savdo yo‘llarini kengaytirish, transkaspiy savdo yo‘llari bo‘ylab infratuzilmani rivojlantirish, xususiy sektorni mustahkamlash, G‘arb transmilliy kompaniyalarini Markaziy Osiyoga jalb qilishga ko‘maklashish, mintaqa bo‘ylab yosh mutaxassislar uchun ingliz tilini o‘qitish dasturlarini kengaytirish, yuk mashinalarini boshqarish kabi eng talab qilinadigan ko‘nikmalarni o‘rgatish uchun sarflanadi.
Blinkenning Markaziy Osiyoga tashrifi
Kecha, 27 fevral kuni kechqurun AQSH Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken ilk rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga keldi. Bugun, 28 fevral kuni u Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi. Uchrashuv chog‘ida respublika rahbari AQSH bilan strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini aytdi.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH Tashqi ishlar idoralari rahbarlari 28 fevral kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada C5+1 formatida energetika, iqtisodiyot va terrorizmga qarshi kurash masalalari, shuningdek, xalqaro muammolar, jumladan, Ukraina atrofida vaziyatni muhokama qildi.
C5+1 formati Markaziy Osiyoning beshta davlati (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ko‘p tomonlama mexanizmi hisoblanadi. U 2015 yilda iqtisodiyot, ekologiya va xavfsizlik sohalaridagi mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun tashkil etilgan.
Blinken 1 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarayotgan Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ladi. U 1 mart kuni Nyu-Dehliga jo‘nab ketadi.
LiveBarchasi