AQSH Maduroni Rossiyaga “surgun” qilmoqchi – OAV
Olam
−
17 noyabr 2025 6873 2 daqiqa
AQSH Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni Rossiyaga qochishga majbur qilishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Politico” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nikolas Maduro hokimiyatdan ketishi va mamlakatni tark etishi mumkin bo‘lgan ssenariyni muhokama qilmoqda. Oq uy amaldorlarining aytishicha, unga Rossiyaga ixtiyoriy surgun sifatida borishga “yashil chiroq” berilishi ehtimoli ko‘rilmoqda. Shuningdek, Turkiya yoki Kuba variantlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq AQSH Prezidentining ayrim maslahatchilari Maduroga mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat berish o‘rniga uni qo‘lga olish va AQSHda sud qilish tarafdori.
“The Atlantic” manbalariga ko‘ra, Venesuela hamda AQSH vakillari bilan muzokaralarda Maduro amnistiya, uni topganlar uchun mukofotni bekor qilish va o‘zi hamda atrofidagilar uchun kafolatli, qulay surgun taklif etilsa, iste’foga tayyor ekanini bildirgan. Bungacha esa Donald Tramp Maduro bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini aytgan, biroq uchrashuv vaqti hamda formati ochiqlanmagan.
Bu orada AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset G‘arbiy yarimsharda “narkoterrorchilar”ga qarshi “Southern Spear” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qilgan. Uning doirasida AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining eng yirik aviatsiya zarba guruhi – USS Gerald R. Ford aviatashuvchi kemasi boshchiligidagi guruh Karib dengiziga kirgan. Kema bortida 4 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, o‘nlab jangovar qiruvchi samolyotlar va vertolyotlar joylashgan.
Harbiy bosim kuchaygan bir paytda Maduro ommaga murojaat qilib, Trampni qurolli mojaro boshlamaslikka chaqirdi. “Reuters” xabariga ko‘ra, o‘tgan hafta Tramp ma’muriyati Oq uyda uchta uchrashuv o‘tkazib, Venesuelaga qarshi ehtimoliy harbiy operatsiya variantlarini, jumladan, hududga zarbalar berish ssenariylarini muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, agar Maduro Rossiyaga boradigan bo‘lsa, Moskvadan boshpana so‘ragan sobiq davlat rahbarlari qatoriga qo‘shiladi. 2014 yilda Ukraina “inqilobidan” so‘ng Viktor Yanukovich Rossiyaga qochib, Rublovkada yashay boshlagan. 2024 yil oxirida esa Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad Damashqning muxolifat qo‘liga o‘tishi ortidan hokimiyatni yo‘qotib, Rossiyaga ko‘chib borgan.
AQSH bilan keskinlik ortishidan biroz oldin Maduro Rossiya bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. Bu hujjat prezident Vladimir Putinning tug‘ilgan kuni – 7 oktyabrda imzolangan bo‘lib, unda global va mintaqaviy xavfsizlik masalalari ham qamrab olingan.