“Tinchliksevar” Tramp yoxud qora oltin vasvasasi
Tahlil
−
30 Oktabr 2025 4494 8 daqiqa
“Urush emas, muhabbat yarat!”
Dunyo e’tibori Rossiya-Ukraina mojarosi bilan band bo‘lib turgan bir paytda, g‘arbiy yarimsharda yangi urush yetilib bormoqda. AQSHning amaldagi prezidenti Donal’d Tramp davlatini yana “g‘arb politsiyachisi” pozitsiyasiga qaytarmoqchi ko‘rinadi.
Xo‘sh, biroz oldin tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga da’vo qilayotgan Donal’d Tramp endi Venesuelaga qarshi urush boshlamoqchimi? Endi kim “Tinchlik istovchi rahbar”?
Joriy yilning 23 oktyabrida AQSH Prezidenti Donal’d Tramp Venesueladan kelayotgan giyohvand moddalar kontrabandachilariga qarshi quruqlik hujumini uyushtirishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Bu, o‘z navbatida, mamlakat hududiga qo‘shin kiritishini bildiradi. Anchadan beri turli konfliktlar tufayli ikki davlat o‘rtasidagi taranglik, oxir-oqibat qurol kuchi bilan hal qilinishi mumkin.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 24 oktyabr kuni Amerika harbiylari Venesueladan kelayotgan, narkotik moddalar tashiyotgan, deb taxmin qilingan kemani xalqaro suvlarda portlatib yubordi. Keyinchalik unda 6 kishi halok bo‘lgani va qayiq narkokartelga tegishliligi haqida dalillar topilgani ma’um qilingan, ammo dalillar ommaga taqdim qilinmagan.
24 oktyabr kuni ertalab AQSHning Urush vaziri Pit Xegset so‘nggi zarbani e’lon qilar ekan, hujum nishoni Karib dengizida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Tren de Aragua tomonidan boshqariladigan, terroristik tashkilot kemasi ekanligini da’vo qildi. Sentyabr oyi boshidan beri Tramp ma’muriyati, giyohvand moddalar tashiyotgan kemalarga 10 marta zarba bergan va 43 ta odam portlashlar oqibatida vafot etgan.
.png)
Shunga qaramay, Vashingtonning tahdidlari yanada kuchaymoqda. 25 oktyabrga kelib, Karib havzasiga dunyodagi eng yirik samolyot tashuvchi kema – Jerald R. Ford’ni yubordi.
“Tanlovimiz – tinchlik, abadiy tinchlik. Iltimos, bu aqlsizlarcha urushga chek qo‘ying!”, deya murojaat qildi ushbu tahdiddan xavotirga tushgan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro.
Tarixiy ziddiyat?
Aslida AQSH va Janubiy Amerika davlatlari bilan munosabatlar hech qachon yaxshi bo‘lmagan. Sababi Vashington uzoq muddat Karib havzasi hamda unga tutash hududdagi qit’a davatlarini o‘zining “orqa hovlisi” deb bilgan va ularning siyosatiga doimiy ravishta ta’sir ko‘rsatib kelgan. 1933 yil Franklin Delano Ruzvelt davriga kelib e’lon qilingan “Yaxshi qo‘shnichilik siyosati” ortidan Janubga bir muncha erkinliklar berila boshlagan edi. Ammo Sovuq urushning boshlanishi kommunizmga qarshi kurashish fonida AQSHning Lotin Amerikasi davlatlari siyosatiga aralashuvlarni yana ortishiga olib keldi. Garchi Sovuq urushning yakunlanishi vaziyatni mo‘’tadillashtirgan bo‘lsa-da, ko‘p sohalarda Janubiy Amerika mamlakatlari AQSHga qaysidir miqdorda qaram bo‘lib qoldi.
Aynan Venesuela bilan munosabatlarning taranglashishi 1999 yili prezidentlikka kelgan Ugo Chaves bilan bog‘liq. Hokimiyatga kelgan yangi rahbar dastlab AQSH bilan do‘stona aloqada bo‘lgan, demokratik o‘zgarishlar, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha islohotlar qilishga va’da bergan edi. Ammo, Chavesga qarshi 2002 yil bo‘lib o‘tgan harbiy to‘ntarish ikki davlat orasidagi munosabatlarning keskinlashishiga olib keldi. Harbiy to‘ntarish muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa-da, AQSHning muxolifat bilan aloqasi borligi haqida gumonlar, Chaves ma’muriyatini “katta og‘asining” ta’siridan qochishga urunishiga sabab bo‘ldi.
.png)
Ko‘p o‘tmay, u neft eksporti kanallarini AQSHdan Rossiya va Xitoy tomonga burdi. Jorj Bush ma’muriyatini “imperiolistik kuch” deb atadi, Vashington esa “Chavesni avtoritar rahbar”, deb tanqid qildi. Shu asnoda ikki davlat o‘rtasida ulkan jarlik vujudga kelgan edi.
O‘rtadagi sovuq aloqalar 2013 yilda Chavesning o‘limidan keyin prezedentlikka kelgan Nikolas Maduro davrida ham davom etdi. U ham AQSHdan uzoqlashish siyosatini davom ettirdi, Rossiya, Eron, Xitoy kabi “Anti-Amerika” mamlakatlariga yaqinlashish yo‘lidan bordi. Albatta, Venesuelaning bu harakatlari Oq uyga ma’qul kelmadi va Maduro ma’muriyatiga nisbatan ko‘plab sanksiyalar e’lon qilindi, muxolifatni keng qo‘llab-quvvatladi. 2019 yilgi saylov natijalari soxtalashtirilgani haqidagi shubhalar ortidan AQSH oppozitsiya nomzodi Xuan Guaydoni prezident deb tan oldi va Maduro hokimiyati AQSH bilan aloqalarni butunlay uzdi.
Jo Bayden davriga kelib munosabatlar qisman yumshay boshladi, Maduroga nisbatan sanksiyalar kamayib, diplomatik aloqalar tiklanayotgan edi. Biroq, 2024 yil iyul oyida Venesueladagi prezidentlik saylovlari, Maduroning hokimiyatni uzurpatsiya qilishi, AQSHda esa noyabrdagi saylovlar natijasida Trampning prezident etib tayinlanishi, endi yaxshilanayotgan aloqalarni qayta keskinlashishiga sabab bo‘ldi.
Albatta, munosabatlardagi taranglik faqat siyosiy doiralardagina emas, geosiyosiy va geoiqtisodiy konfliktlar bu ikki davlatni iliq qo‘shnichilik olib borishiga yo‘l qo‘ymadi. Ma’lumki, Venesuela dunyodagi eng katta neft zaxirasiga ega mamlakat. Yer sharidagi eng katta oltin konlaridan biri ham aynan Venesuelada joylashgan. AQSH esa “burnining ostidagi” bu boylikni boshqalarga berib qo‘ygisi kelmas edi.
1920 yilga kelib AQSHning eng yirik neft qazib oluvchi korxonalaridan biri Chevron Venesuelada neft qidiruv ishlarini boshlab yubordi. Marakaibo ko‘rfazi hamda Oriniko kamarida keng ko‘lamli qazishma ishlari olib borildi, qazib olingan neftni Osiyo, Lotin Amerikasi mamlakatlariga, AQSH va hatto Venesuelaning o‘ziga ham pulladi. Amon, o‘tmay Venesuela rahbari Chaves mamlakatdagi neft sanoatini milliylashtirish siyostini boshladi. Bu esa AQSHning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi va davlatlar o‘rtasida munosabatlar keskinlashishiga olib keldi.
.png)
Unda tashqari turli mustaqil guruhlar tomonidan Chevronning ekologiyaga keltirayotgan zararlari qattiq tanqid ostiga olina boshlagan edi. Katta hajmdagi neftni qazib olish to‘g‘ri tizimlashtirilmasligi oqibatida ba’zi hududlarda neft sizib chiqishi holatlari, foydalanib tugatilgan quduqlar qayta to‘ldirilmasligi, suv va yer resurslarining ifloslanishi kuzatildi. Bu haqida EarthRight Interntional, OilWatch Latin Amerika kabi xalqaro tashkilotlar BMTga guvohlik xati bilan chiqishdi. Natijada AQSHning yirik neft eksportyorining Venesueladagi operatsiyalari vaqtincha to‘xtatildi.
Bundan tashqari, XX asr oxirlariga kelib Kolumbiya va Venesueladagi hokimiyatning zaifligi fonida giyohvand moddalar bilan savdo qiluvchi jinoiy guruhlar mamlakat siyosatida katta ahamiyat kasb eta boshladi. Mahalliy bozorlarda sotuv qobiliyatining pastligi tufayli narkokartellarga boshqa boy xaridorlar zarur bo‘la boshladi. Natijada, narkotik moddalar qo‘shni mamlakatlarga noqonuniy kiritlayotgani aniqlandi. AQSH esa bunga qarshi kurashish bahonasida Venesuela ma’muryatiga jiddiy bosimlar berib kelmoqda.
Siyosiy va iqtisodiy kelishmovchiliklar AQSH–Venesuela munosabatlarini jar yoqasiga olib kelib qo‘ydi. Ochiqchasiga harbiy to‘qnashuvlar hali sodir bo‘lmagan bo‘lsa-da, AQSH dengizda Venesuela kemalariga hujum qilishni oxirgi paytlarda kanda qilmayapti.
.jpg)
AQSH hujumining ta’siri
“The Washington Post” nashri bergan malumtlarga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Markaziy razvedka boshqarmasiga (CIA) Venesuelada yashirin operatsiyalarni o‘tkazishga ruxsat bergan. Internetga chiqarilgan yangiliklarda Venesuela harbiylari Markaziy razvedka boshqamasining bir guruh yollanma askarlarini hibsga olgani aytilgan. Reuters sahifasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ular soxta bayroq hujumiga tayyorlanayotgan bo‘lgan.
“LatinTimes”da chiqqan xabarlar esa vaziyat ancha jiddiy holga kelib qolgani, AQSH maxfiy kuchlari allaqochon Venesuela davlat rahbarini nishonga olganini bilish mumkin. Xabarda Maduroning shaxsiy samolyoti uchuvchilaridan biriga AQSH agenti bir necha bor messenjerlar orqali aloqaga chiqqani, Prezidentni Puerto-Riko, Dominikan Respublikasi yoki Guantanamo (AQSH bazasi)ga qo‘ndirishni taklif qilgan. Evaziga katta pul va “o‘z xalqining cheksiz sevgisiga” ega bo‘lishini taklif qilgan. Ammo uchuvchi takliflarni rad etib kelgan va sentyabrdagi suhbatdan so‘ng raqamni bloklagan. Bundan tashqari, AQSH Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 mln dollar mukofot va’da qilgandi.
Narkokortelga qarshi ochilgan urush Maduro hokimiyatiga ham ko‘chganiga ancha bo‘lyapti. Nikolas Maduro hokimiyatga kelishi mamlakatning nafaqat AQSH bilan siyosatida, balki ichki ijtimoiy holatning ham keskinlashuviga sabab bo‘ldi. Uning hokimiyatni noqonuniy o‘zida saqlab qolishi, xalqning oziq-ovqat va fundamental huquqlari borasidagi azaliy muammolar tufayli mamakatda muxolifat tamomila kuchayib bormoqda. Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotining Venesuela muxolifati yetakchilaridan biri Mariya Machadoga topshirilishi ham keng ommaning e’tiborini mamlakatdagi adolatsiz tizimga qaratishni ko‘zda tutgan edi.
AQSH ham anchadan buyon muxolifatni qo‘llab kelmoqda. Bu shuni anglatadiki, agar hujumlar quruqlikka ko‘chsa, asosiy vazifa Maduroni ag‘darish va o‘rniga Vashington o‘z yo‘rig‘iga sola oladigan shaxsni qo‘yish bo‘lib qoladi. Bu esa katta ehtimol bilan oppozitsion guruh nomzodi bo‘ladi. O‘z navbatida, AQSHdan keyin mamlakatda demokratiya tamoyillari nisbatan qayta tiklanishi, aholining yashash sharoitlari yaxshilanishi, tinchlik o‘rnatilishi mumkin. Ammo AQSH olib kelgan rahbar xohlaydimi, yo‘qmi Amerika manfaatlarini hisobga olib ish yuritishi kerak. Har qanday qaror Pentagon roziligi bilan qabul qilinib, AQSH manfaatiga to‘g‘ri kelmaydiganlari joriy etilmay qolib ketadi.
Bundan tashqari, mamlakatning tabiiy boyliklaridan keng ko‘lamli foydalanish boshlanadi.
“The Wall Street Journal” bergan ma’lumotga ko‘ra, Tramp Chevronga Venesuelada neft qazib olishga litsenziya bergan. Agar AQSH Venesuelada o‘z maqsadiga erisha olsa, mamlakatning tabiiy boyliklaridan erkin foydalanishi mumkin bo‘ladi. Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi direktori Jeffri Saksning ta’kidlashicha, AQSHning Venesuelaga nisbatan olib borayotgan keskin siyosati narkokartellarga qarshi kurash bilan bog‘liq emas, aslida Vashington Venesuela neftidan foydalanish imkoniga ega bo‘lishni xohlaydi.
Venesuelaga bosimlar olib borish bilan parallel ravishda Trampning Rossiya neft kompaniyalariga sanksiyalar e’lon qilishi, AQSHning eski siyosiy o‘yinni qayta boshlaganidan dalolat bermoqda. Butun dunyoni Rossiyadan neft sotib olmaslikka chorlayotgan AQSH yaqinda Rossiyaning eng yirik neft eksportyorlari Lukoyl va Rosneftga sanksiyalar e’lon qilgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Urushni to‘xtatish bahonasida butun dunyoni Rossiya neftidan voz kechishga undab, undan hosil bo‘lgan ehtiyojni Venesueladan qazib olingan neft bilan qondirish AQSH g‘aznasiga sezilarli daromad olib keladi.
Umumiy kartinada giyohvand moddalar va nodemokrat hukumatga qarshi kurashayotgan Tramp ma’muriyati aslida o‘zining “eski qimmatbaho o‘yinchog‘ini” qaytarib olmoqchi. Butun dunyo texnik qudrat poygasida bellashayotgan bir paytda, MAGAchilar xuddi eski davrlardagidek yana neft zaxiralari uchun urush boshlamoqda.
Live
Barchasi