AQSH Kongressiga O‘zbekistonga nisbatan savdo cheklovini bekor qilish bo‘yicha hujjat kiritildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga nisbatan “Jekson-Venik” tuzatishini tugatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi AQSH Vakillar Palatasining Xalqaro aloqalar hamda Yo‘l va vositalar qo‘mitalariga taqdim etildi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

Eshituvlar davomida qonunchilar Kongress a’zolarini O‘zbekistonni ushbu Qonun harakatidan chiqarishga chaqirdi. 

Kongressmenlar ushbu hujjat o‘tgan asr haqiqatlarini aks ettirishini va mintaqa mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanilmasligi kerakligini ta’kidlagan. 

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, qonun chiqaruvchilar tomonidan kiritilgan ushbu hujjatda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan "normal savdo aloqalari rejimini" ta’minlash taklifi mavjud. 

Loyihaga ko‘ra, Kongressning Vakillar palatasi va Senatidagi barcha protseduralar qabul qilingandan va AQSH Prezidenti tomonidan O‘zbekiston mahsulotlariga nisbatan yuqorida aytib o‘tilgan kamsitilmaydigan rejim taqdim etilganidan so‘ng, “Jekson-Venik” tuzatmasining O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanilishi to‘xtatiladi.

“Jekson-Venik”ga tuzatishlarni O‘zbekistonga tatbiq etishni tugatish tashabbusidan so‘ng Tashqi ishlar qo‘mitasi ushbu hujjatni ko‘rib chiqadi va puxta o‘rganib bo‘lgandan so‘ng uni tasdiqlashi kerak. 

Bundan tashqari, hujjat Senatga tasdiqlash uchun yuboriladi, shundan so‘ng Oq Uyga AQSH Prezidenti Jozef Bayden tomonidan imzolanishi uchun taqdim etiladi. 

Eslatib o‘tamiz, Jekson-Venik tuzatishi 1974 yilda Kongress a’zolari Genri Jekson va Charlz Venik tomonidan 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan huquqiy qoidadir. Tuzatish erkin emigratsiyani cheklash va davlat antisemitizmi siyosatini olib borgan mamlakatlarga qarshi savdo va moliyaviy cheklovlarni joriy etish maqsadida qabul qilingan. Sobiq ittifoq tugatilgandan so‘ng ushbu tuzatish MDH davlatlari, shu jumladan, O‘zbekistonga ham avtomatik tarzda tatbiq etilgan. Unga ko‘ra, bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan mamlakatlardan AQSHga olib kiriladigan tovarlarga nisbatan alohida tariflar va bojlar qo‘llash, shuningdek, davlat kreditlari va kredit kafolatlari berishni taqiqlash nazarda tutilgan. 

Bugun O‘zbekiston ushbu tuzatish ta’siridan vaqtincha ("waiver") chiqarilgan. Bu masala har yili AQSH Kongressidagi tinglovlarda qayta ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Kongress

Baholaganlar

189

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing