AQSH Kongressi “shatdaun”ga tayyorgarlik ko‘rmoqda – “Axios”
Olam
−
27 Sentabr 2025 6087 2 daqiqa
AQSH Kongressi hukumat faoliyatining vaqtinchalik to‘xtatilishiga (“shatdaun”) tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda kecha, 26 sentyabr kuni o‘z manbasiga tayanib, “Axios” xabar berdi.
Manbaning bildirishicha, agar Kongress joriy yilning 1 oktyabrigacha byudjetni qabul qilishga ulgurmasa, federal idoralar faoliyati to‘xtab qolishi mumkinligi bois bir nechta kongress delegatsiyalarining safarlari bekor qilingan.
“Safarlarning bekor qilinishi – hukumat xizmatchilari “shatdaun”ga hozirlana boshlaganining eng yaqqol belgilaridan biri, chunki respublikachilar va demokratlar byudjet masalasida kelishuvdan ancha yiroq ko‘rinmoqda”, deyiladi xabarda.
“Axios” ma’lumotiga ko‘ra, Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi hamda Fan, kosmos va texnologiyalar qo‘mitasi delegatsiyalarining kamida ikki safari bekor qilingan. Har ikki holatda ham davlat xizmatchilariga safarlar “shatdaun” ehtimoli sababli to‘xtatilgani bildirilgan.
Nashr manbalaridan yana biri Nazorat qo‘mitasi tashkillashtirgan uchinchi safar ham bekor qilinganini aytgan. Biroq Respublikachilar partiyasi vakillari safarni rasmiy tarzda bekor qilinmaganini, delegatsiya a’zolarining o‘zlari qatnashmaslikka qaror qilganini bildirgan.
Bungacha AQSH Prezidenti Donald Tramp respublikachilarni hukumat faoliyatini yopilishdan saqlash uchun vaqtinchalik moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan va demokratlarni “shatdaun”ni ataylab yuzaga keltirmoqchi bo‘layotganlikda ayblagan.
Ma’lumot uchun, AQSHda yangi moliya yili 1 oktyabrda boshlanadi. Agar Kapitoliy tepaligida hech bo‘lmaganda qisqa muddatga mo‘ljallangan vaqtinchalik moliyalashtirish rezolyutsiyasi qabul qilinmasa, federal idoralar noma’lum muddatga yopilishi mumkin. AQSH tarixidagi eng uzoq “shatdaun” 35 kun davom etgan bo‘lib, u ham Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida yuz bergan.
Live
Barchasi