AQSH KXDR bo‘yicha bayonot e’lon qildi. Olti davlat Vashingtonga qarshi chiqdi
Olam
−
05 fevral 2022
12454Avvalroq, BMT Xavfsizlik Kengashida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan amalga oshirilgan raketa sinovlari bo‘yicha yopiq maslahatlashuvlar o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Xavfsizlik kengashining yana sakkiz a’zosini ushbu masala bo‘yicha o‘z bayonotlarini qo‘llab-quvvatlashga ishontirdi, qolgan oltitasi esa unga qo‘shilmadi. Bu haqda AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild yopiq maslahatlashuvlardan so‘ng ma’lum qildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Albaniya, Braziliya, Fransiya, Irlandiya, Yaponiya, Norvegiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya va AQSH qo‘shma bayonot bilan chiqqan.
“Shimoliy Koreyaning 30 yanvar kuni o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketani uchirgani BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari qatori buzilishidagi navbatdagi katta qadam bo‘ldi. Bu mintaqadagi vaziyatni yanada beqarorlashtirishga qaratilgan edi. Biz bu noqonuniy xatti-harakatlarni qattiq qoralaymiz. Bu 2017 yil oxiridan beri eng uzoq masofali raketa bo‘ldi. Bundan tashqari, KXDR to‘qqizta raketa sinovini o‘tkazgan yanvar oyi KXDR tarixidagi sinovlar soni bo‘yicha rekord oy bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.
Bayonotda, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining KXDRga qarshi sanksiya rejimini qo‘llab-quvvatlash bildirilgan va barcha mamlakatlar ushbu rejim talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirilgan. AQSH va uning ittifoqchilari, shuningdek, Pxenyanni “beqarorlashtiruvchi harakatlarni to‘xtatish va muloqotga qaytish”ga chaqirgan.
Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar va unga qo‘shilgan davlatlar BMT Xavfsizlik kengashini Shimoliy Koreyaning so‘nggi raketa sinovlari bo‘yicha yagona pozitsiyani ishlab chiqishga chaqirgan.
BMT Xavfsizlik Kengashining qolgan davlatlari — Rossiya, Xitoy, Hindiston, Gana, Gabon, Meksika AQSH va uning hamkorlarining bayonotini qo‘llab-quvvatlamagan. Uchrashuv oldidan Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chjan Szyun Vashington Koreya yarimoroli atrofidagi muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish uchun ko‘proq moslashuvchanlik ko‘rsatishi kerakligini aytgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi nomidan bayonot faqat uning barcha a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin, aks holda bu alohida davlatlarning pozitsiyasi bo‘lib qoladi.
Ma’lumot o‘rnida, Shimoliy Koreya 30 yanvar kuni o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketani sinovdan o‘tkazganini tasdiqladi. Ushbu ishga tushirish yil boshidan beri yettinchisi bo‘ldi. Bundan oldin, KXDR 28 yanvar kuni Koreya yarimorolining sharqiy qirg‘oqlarida so‘nggi bir oy ichidagi 6-raketani sinovdan o‘tkazgandi. 26 yanvar kuni Shimoliy Koreya dengizga “kruiz raketalar”ni uchirgan. 18 yanvar kuni “taktik yo‘naltirilgan raketalar”ni ham sinovdan o‘tkazgan. Joriy yilning 5-11 yanvar kunlari KXDR gipertovushli raketani sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, 14 yanvar kuni poyezd vagoniga o‘rnatilgan qisqa masofali ballistik raketalarni uchirgan.
LiveBarchasi