AQSH Kiyevga yana 988 mln dollarlik harbiy yordam ajratmoqchi

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 988 million dollar (taxminan 934 million yevro) bo‘lgan yangi muhim harbiy yordam paketini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 7 dekabr kuni AQSH Mudofaa vazirligi xabar berdi. 

Pentagon xabariga ko‘ra, ushbu yordamning maqsadi Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda g‘alaba qozonish uchun zarur vositalar bilan ta’minlashdan iborat. Bu Prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha yordam ko‘rsatish tashabbusi doirasida ajratilgan 22-yordam paketidir.

Yangi yordam paketiga dronlar, tanklar, zirhli transport vositalari, HIMARS raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar, shuningdek, artilleriya tizimlari uchun zarur jihozlar va ehtiyot qismlar kiradi. 

"Qo‘shma Shtatlar boshqa ittifoqchilar bilan birgalikda Ukrainaga urushda g‘alaba qozonishi uchun zarur bo‘lgan yordamni ko‘rsatishda davom etadi", deyilgan vazirlik xabarida.

Jo Baydenning prezidentlik muddati 2025 yilning yanvarida tugaydi. Uning o‘rnini respublikachi Donald Tramp davlat rahbari sifatida egallaydi. 

Ukraina urushni tugatish uchun Tramp jamoasi bilan muzokaralar olib bormoqda

Avvalroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy devoni rahbari Andrey Yermak Donald Tramp jamoasi vakillari – AQSH saylangan prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga nomzod Mayk Vals va bu boradagi maxsus elchi lavozimiga nomzod bilan uchrashgan edi. “The Wall Street Journal”ning yozishicha, bu muzokaralarda Kiyev “barqaror tinchlik”ga tayyorligini bildirishni rejalashtirgan. 

Bundan tashqari, Ermak AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ular Kiyevning Rossiya bilan urushdagi pozitsiyasini mustahkamlash va uning kelajakdagi har qanday muzokaralarga kuchli pozitsiyadan kirishini ta’minlash masalalarini muhokama qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukraina uchun 725 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing