AQSH Xitoyning Ukraina bo‘yicha rejasidan xavotirda
Olam
−
23 mart 2023
8704AQSH hukumati Xitoy tomonidan Moskva va Kiyev o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha taklif qilingan reja tufayli mamlakat “burchakka tiqilib qolishi”dan qo‘rqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” AQSH ma’muriyatidagi manbaga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vashington XXR g‘oyasiga shubha bilan qaragan va Pekinning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘i Rossiyaga “hududiy yutuqlarini ta’minlash” imkonini berishini ta’kidlagan. Biroq Qo‘shma Shtatlar rejani e’tiborsiz qoldira olmaydi, chunki bu Xitoyga jangovar harakatlar va iqtisodiy zararlardan charchagan boshqa davlatlarga “Vashington tinchlikdan manfaatdor emas” ekanini isbotlash imkonini beradi.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tadqiqotchisi Bonni Lin ham bu fikrga qo‘shilib, Xitoy “AQSHni salbiy ko‘rinishda ko‘rsatish” uchun Vashington o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi turishini ta’kidlashini taxmin qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 fevralida Rossiya harbiy amaliyoti boshlanganining yilligi munosabati bilan Xitoy Ukrainadagi mojaroni hal qilish rejasini taqdim etgandi. Hujjat 12 banddan iborat bo‘lib, ular harbiy harakatlarni to‘xtatish, eskalatsiyani rad etish hamda Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarni qayta boshlashni nazarda tutadi.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Xitoy tomonining takliflarini faqat Rossiya uchun foydali deb atagandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Xitoy tashabbusi reja emas, balki fikrlar bayoni ekanini aytgan. Shuningdek, Yevropa diplomatiyasi rahbari Josep Borrel Xitoy “tajovuzkor va qurbon”ni tenglashtirmoqda, degan fikrni bildirgandi.
Rossiya esa Xitoy tashabbusini ijobiy baholab, Moskva xitoylik do‘stlarining Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga hissa qo‘shishga bo‘lgan samimiy istagini qadrlashini aytgandi. Kreml muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun tezislar ishlab chiqishga bo‘lgan har qanday urinishlarni olqishlashi, ammo Kiyev bilan muloqot qilish qiyinligini ta’kidlagandi. Prezident Vladimir Putin kelajakda Xitoy takliflarini tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini ishlab chiqish uchun asos bo‘lishi mumkinligini tan olgan.