AQSH Xitoyning dushmaniga qiruvchi samolyot sotmoqda

Olam

image

AQSH Davlat departamenti Tayvanga 619 million dollarlik F-16 rusumli qiruvchi samolyot va boshqa tizimlarni sotishga ruxsat berdi. Bu haqda kecha, 1 mart kuni Pentagon qoshidagi xorijga harbiy texnika va qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo shartnomalar uchun javobgar bo‘lgan Xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik agentligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Davlat departamenti taxminan 619 million dollarlik F-16 o‘q-dorilari va tegishli uskunalarni sotishni ma’qullagan. Hisobotda aniqlik kiritilishicha, Tayvan vakillari avvalroq AQSHdan 100 dona HARM radarga qarshi raketalari, 200 dona AMRAAM o‘rta masofaga mo‘ljallangan havo raketalari hamda boshqa tizimlar va ehtiyot qismlarni sotib olish uchun ruxsat so‘ragan.

“Taklif etilayotgan sotuv Qo‘shma Shtatlarning milliy, iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlariga mos keladi, chunki u qabul qiluvchining qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish va ishonchli mudofaa qobiliyatini saqlab qolish bo‘yicha davom etayotgan sa’y-harakatlariga hissa qo‘shadi. Mazkur sotuv qabul qiluvchining xavfsizligini oshirishi va mintaqadagi siyosiy barqarorlik, harbiy muvozanat, iqtisodiyot va taraqqiyotga hissa qo‘shadi”, deyiladi bayonotda. 

Ta’kidlash joizki, AQSH ma’muriyati allaqachon Kongressni bu qaror haqida xabardor qilgan. Pentagon qonunchilarni qurol savdosi AQSHning jangovar tayyorgarligiga zarar keltirmasligiga ishontirgan. Qonun chiqaruvchi organda potensial bitimni ko‘rib chiqish yoki uni bloklash uchun 30 kun bor. Agar bitim tasdiqlansa, asosiy pudratchilar Lockheed Martin va Raytheon Missiles & Defense kompaniyalari bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tayvan Mudofaa vazirligi orol atrofida Xitoyga tegishli 3 ta kema va 25 ta qiruvchi samolyot kuzatilganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Tayvan'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing