AQSH Xitoyga izolyatsiya bilan tahdid qildi

Olam

image

Xitoy koronavirus paydo bo‘lishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish uchun xalqaro ekspertlarning kelishiga yo‘l qo‘ymasa, mamlakat yakkalab qo‘yiladi. Bu haqda AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Ko‘plab davlatlar bilan birgalikda Xitoyga siyosiy va diplomatik bosim o‘tkazilishi kerak. Agar Chin yurti COVID-19 ning boshlanish o‘chog‘ini aniqlash uchun xalqaro ekspertlarni hududiga kiritmasa, izolyatsiyasiga olinishi lozim. O‘z navbatida, Xitoy bu ishga mas’uliyat bilan yondashishi lozimligini eslatib o‘tamiz”, deydi Sallivan.

Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mart oyida koronavirusning kelib chiqishini aniqlash uchun Uxan shahriga tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar hisobotining to‘liq versiyasini e’lon qildi. Unda virusning yangi turi odamlarga boshqa hayvon orqali yuqganligi yozilgan. 

Shuningdek, koronavirusning laboratoriyadagi tajribalar natijasida  kelib chiqqani to‘g‘risidagi farazlar ham mavjud. Yana bir taxminda esa kasallik sovutilgan ovqatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari va yana 13 mamlakat JSST missiyasining xulosalaridan ko‘ngli to‘lmaganini bildirib, bayonot berdi. Ular COVID-19 kelib chiqishi to‘g‘risida shaffof tergov o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan. AQSH razvedkasi virusni odamga hayvondan va laboratoriyadan yuqqani to‘g‘risidagi taxminlarni ilgari surib keladi.

Avvalroq, olimlar tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijasi COVID-19 2019 yil dekabr oyida AQSHda paydo bo‘lganini ko‘rsatgandi.

Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 179,2 mln nafar insonda COVID-19 aniqlangan bo‘lib, ularning 163,8 mln nafari davolangan va 3,8 mln nafari  vafot etgan.

Islomjon Omonjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Xitoy tahdid

Baholaganlar

155

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing