AQSH Xitoy tovarlariga 104 foizlik boj joriy qildi

Olam

image

AQSH Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga 104 foizlik import boji joriy etishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittga tayanib, CNN xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 9 apreldan boshlab Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha 84 foizlik boj qo‘llanadi. Shu tariqa, Xitoy mahsulotlariga nisbatan umumiy boj stavkasi 104 foizni tashkil etadi.

Bungacha AQSH rasmiylari Xitoy 8 aprel kuni peshingacha AQSH mahsulotlariga nisbatan 34 foizlik bojni bekor qilmasa, unga nisbatan boj stavkalari ko‘tarilishini bildirgan. Xitoy esa belgilangan muddatgacha bu bojni bekor qilish haqida e’lon qilmagan.

Shu bois Vashington 2 aprel kuni mamlakat Prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan 20 va 34 foizlik boj stavkalariga qo‘shimcha ravishda yana 50 foizlik boj joriy qilmoqda.

Qayd etish joiz, oldinroq Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida agar Pekin avvalroq e’lon qilingan qarshi choralardan voz kechmasa, Vashington 9 apreldan Xitoyga qarshi qo‘shimcha 50 foizlik bojlar joriy qilishini yozgan edi. Keyinroq Xitoy Savdo vazirligi AQSH Prezidenti Donald Trampning Xitoy importiga qo‘shimcha 50 foizlik boj kiritish tahdidini “xato ortidan xato” deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel oqshomida Oq uy bog‘ida chiqish qilgan Tramp AQSHga import qilinadigan mahsulotlarning aksariga 10 foizlik tariflar, Xitoy uchun esa qo‘shimcha 34 foizlik, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Oqibatda AQSHning import bo‘yicha o‘rtacha boj stavkasi 2024 yildagi 2,5 foizdan 22 foizga oshdi – bu ko‘rsatkich oxirgi marta 1910 yillar atrofida kuzatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy boj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing