AQSH Xitoy biqinida harbiy mashg‘ulotlarni boshladi
Olam
−
24 mart
3981Filippin va Amerika Qo‘shma Shtatlari “Salaknib and Balikatan” (SABAK) deb nomlangan yillik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda Filippin axborot agentligi (PNA) xabar berdi.
Filippin armiyasi voizi polkovnik Lui Dema-ala Nueva-Esixa shahrida quruqlikdagi kuchlarni o‘z ichiga olgan SABAK dasturining “Salaknib” bosqichi boshlanganini e’lon qildi.
Dema-alaning so‘zlariga ko‘ra, har yili o‘tkaziladigan SABAK mashg‘ulotlarining ushbu bosqichida Filippin armiyasidan 3000 ga yaqin va AQSH Tinch okeani armiyasidan (USARPAC) 2000 ga yaqin askar ishtirok etadi. “Salaknib” mashg‘ulotlari 11 aprel kuni yakunlanadi.
Ma’lum qilinishicha, SABAK mashg‘ulotlari operativ muvofiqlashtirishni mashq qilish, qo‘shinlarning jangovar qobiliyatini mustahkamlash va Filippin hududiy yaxlitligini himoya qilishda “qat’iylik”ni namoyish etishga qaratilgan.
Mahalliy tillarda “Salaknib” qalqon, “Balikatan” yelkama-yelka ma’nosini bildiradi. Mashqlar davomida Xitoydan AQSH va Filippinga nisbatan qandaydir munosabat bo‘lishi mumkin. 2024 yil aprel oyida “Balikatan” mashg‘ulotlari chog‘ida AQSH harbiylari Filippin shimolida o‘rta masofaga uchuvchi “Typhon” raketa tizimini joylashtirdi va Pekin bir necha bor Maniladan raketa tizimini olib tashlashni talab qildi.
Filippin Mudofaa vaziri Gilberto Teodoro Xitoyning raketa tizimini olib tashlash haqidagi iltimosini rad etib, bu Filippinning ichki ishlariga aralashish ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy, Rossiya va Eron mart oyining birinchi yarmida Eronning Chabahar porti yaqinidagi hududda “Security Bond 2025” nomli qo‘shma harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini o‘tkazishi xabar qilingandi.