AQSH Xitoy aviatsiyasidan xavotirga tushib qoldi
Olam
−
03 iyun 2023
17180Xitoyning AQSH va uning ittifoqchilari samolyotlarini tutib olishi Vashingtonni xavotirga solmoqda. Bu haqda bugun, 3 iyun kuni AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Singapurda davom etayotgan “Shangri-La Dialogi” xavfsizlik konferensiyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
“XXR xalqaro havo kengliklarida qonuniy ravishda uchayotgan AQSH va uning ittifoqchilarining samolyotlarini qo‘rqitadigan harakatlar davom etmoqda. Yaqinda biz Xitoy samolyoti parvozini tajovuzkor va noprofessional tarzda amalga oshirgani haqidagi yana bir xavotirli holatni ko‘rdik”, degan Lloyd Ostin.
Shuningdek, Pentagon rahbari AQSH hech bir davlatning umumiy suv yo‘llarini nazorat qila olmasligi uchun ishlashni davom ettirishini, Janubiy Xitoy dengizida hamkorlari bilan navigatsiya va havoda parvozlar erkinligini ta’minlash bo‘yicha ishlashda davom etishini bildirgan.
“Bizni dengizda va xalqaro havo hududida xavfli harakatlar to‘xtata olmaydi”, degan Lloyd Ostin.
Ma’lumot uchun, AQSHning Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi Xitoy qiruvchi samolyoti Janubiy Xitoy dengizi ustida AQSHning RC-135 razvedka samolyoti yaqinida agressiv manyovr qilganini e’lon qilgan. Amerika tomoni Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi qiruvchi samolyoti RC-135 oldidan uchib o‘tganini da’vo qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyni Amerika va boshqa G‘arb davlatlariga qarshi harbiy harakatlar amalga oshirganlikda ayblagan edi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning esa Qo‘shma Shtatlar Xitoy chegaralariga kemalar va razvedka samolyotlarini yuborish bilan bog‘liq provokatsiyalarni to‘xtatishga majbur ekanini ta’kidladi hamda Pekin mamlakat suvereniteti va xavfsizligini qat’iy himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishda davom etishini bildirdi. Bundan tashqari, AQSH Mudofaa vazirining xitoylik mavqedoshi bilan “Shangri-La dialogi” xavfsizlik konferensiyasi doirasida uchrashish istagi ham Pekin tomonidan rad etildi.