AQSH Kanada chegarasida rekord miqdordagi muhojirlarni hibsga oldi
Olam
−
04 Oktabr
6114AQSH chegara xizmati 2024 moliya yilida Kanada chegarasidagi Svanton sektorida 19 200 dan ortiq hujjatsiz muhojirni hibsga oldi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Sektorning bosh chegara xizmati agenti Robert Garsiyaga ko‘ra, bu raqam so‘nggi 17 yildagi barcha ko‘rsatkichdan oshib ketgan.
“Svanton sektor chegara xizmati xodimlari 2023 yil 1 oktyabrdan buyon 97 ta turli davlatdan 19 200 dan ortiq odamni hibsga oldi, bu oxirgi 17 yildagi rekord”, deb yozdi u o‘zining X’dagi sahifasida.
Qayd etilishicha, 2020 moliya yilida hibsga olingan noqonuniy migrantlar soni 574 nafarni, 2021 yilda esa 365 nafarni tashkil etgan. Keyingi yilgi ko‘rsatkich sezilarli darajada oshib, 2022 va 2023 moliyaviy yillarda mos ravishda 1 ming va 6,9 ming nafarga yetgan.
Ma’lumot uchun, AQSH chegaralaridagi noqonuniy muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat ko‘pincha Respublikachilar partiyasining Oq uydagi amaldagi ma’muriyatga qarshi tanqidiga sabab bo‘ladi. Xususan, ular AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident, demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Kamola Harrisni ko‘plab noqonuniy muhojirlarni mamlakatga kiritishda ayblaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil oktyabr oyidan 2024 yilning mayigacha 7 oy ichida AQSH chegarasida 3 mingga yaqin o‘zbekistonlik muhojir ushlangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi