AQSH qo‘shinlari Afg‘onistondagi ikkinchi yirik bazasini tark etdi
Olam
−
14 may 2021
4622AQSH qo‘mondonligi ushbu haftada Afg‘oniston janubidagi Qandahor viloyatida joylashgan yirik havo kuchlari bazasidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketdi. Bu haqda afg‘on armiyasining ushbu provinsiyadagi vakili Xo‘ja Alaga asoslanib xabar berilgan.
“Ular (AQSH - tahr.) bazani rasmiy ravishda bizga topshirmagan, ammo bazani chorshanba kuni tark etishganini tasdiqlashim mumkin”, degan afg‘on armiyasi vakili.
O‘z navbatida, Qandahor aeroporti rahbari Massud Pashtun bazadagi barcha ob’ektlar afg‘on kuchlari nazorati ostiga o‘tganini ta’kidlagan.
Ala va Pashtunga ko‘ra, bazani afg‘on kuchlari qo‘mondonligiga topshirishning rasmiy marosimi ertaga, 15 may kuni Ramazon hayiti bayrami tugagandan so‘ng amalga oshirilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yuborgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.
14 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi