AQSH Qozog‘iston kompaniyasiga sanksiya qo‘lladi
Olam
−
17 avgust 2023
4977Amerika Qo‘shma Shtatlari Moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Qozog‘iston kompaniyalaridan biriga nisbatan sanksiya kiritdi. Bu haqda idoraning rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi qurol savdosini qo‘llab-quvvatlagani uchun, “Verus” (Rossiya), Defense Engineering Limited Liability Partnership (Qozog‘iston) va Versor S.R.O. (Slovakiya) kompaniyalari AQSH sanksiyalariga uchragan. Ularning barchasi ikkinchi darajali sanksiyalar ostida edi.
“Moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Rossiya va KXDR o‘rtasida qurol sotish bo‘yicha bitimlarni qo‘llab-quvvatlashga urinayotgan sanksiyalardan qochish tarmog‘i bilan bog‘liq uchta tashkilotga qarshi sanksiyalar kiritdi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, mazkur kompaniyalarning barchasi Slovakiya fuqarosi Ashot Mkrtychevga tegishli ekanligi ko‘rsatilgan. Uning o‘zi joriy yilning 30 martida Rossiya va KXDR o‘rtasida qurol-yarog‘ bitimlarini ilgari surishga uringani uchun Amerika sanksiyalariga uchragan edi.
Ilovada Defense Engineering Limited Liability Partnership 2018 yilda tashkil etilgani hamda bosh ofisi Ostona shahrida joylashgani ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi