AQSH Qoshiqchining o‘limi uchun Saudiyani jazolamoqchi

Olam

image

Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul Aziz al-Saud bilan telefon orqali muzokara o‘tkazgani haqida xabar bergandik. 

Suhbat davomida AQSH Prezidenti Saudiya Arabistoni qiroliga "ularni inson huquqlarining buzilishi uchun javobgarlikka tortishini" aytgan. Bu haqda Bayden Univision mediakompaniyasiga bergan intervyusida gapirgan. 

Bayden, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda "qoidalar o‘zgarib borayotganini" aytgan. 

"Kecha men valiahd shahzoda bilan emas, qirol bilan gaplashdim. Unga qoidalar o‘zgarib borayotganini tushuntirish kerak, biz bugun va dushanba kuni muhim o‘zgarishlar haqida xabar beramiz. Biz ularni inson huquqlari buzilgani uchun javobgarlikka tortamiz", degan Bayden. 

Baydenning qo‘shimcha qilishicha, agar Ar-Riyod AQSH bilan ishlashni xohlasa, inson huquqlarini hurmat qilishga e’tibor qaratishi kerak. 

AQSH razvedkasi muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishini Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon shaxsan o‘zi ma’qullagan deb hisoblaydi. 

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni tanqid qilgani bilan tanilgan, shuningdek, "Washington Post" gazetasining sharhlovchisi bo‘lgan Jamol Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi Bosh konsulligiga kirib, qaytib chiqmagandi. 

Keyinroq Qoshiqchi konsullikning o‘zida o‘ldirilgani va uning jasadi qismlarga ajratilgani ma’lum bo‘lgandi. 

Saudiya Arabistoni oradan bir necha hafta o‘tib, jurnalistning o‘limini tan olgandi. Sud qaroriga binoan besh kishiga 20 yildan, oltinchi sudlanuvchiga 10 yil, yana ikki kishiga yetti yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Qoshiqchi Saudiya

Baholaganlar

175

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing