AQSH Qirg‘iziston kompaniyalariga sanksiya qo‘lladi

Olam

image

Kecha, 20 iyul kuni AQSH Moliya vazirligi Qirg‘izistonning to‘rtta kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritganini e’lon qildi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligining press-relizida ma’lum qilindi. 

Qayd etilishicha, “qora ro‘yxat”dan joy olgan kompaniyalar orqali Rossiya G‘arb davlatlari cheklovlarini chetlab o‘tib, ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalarni olgan.

“Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Qirg‘izistonda joylashgan korxonalar Rossiyaga ko‘plab elektron komponentlar va boshqa texnologiyalarni eksport qilgan. Ularning bir qismini Rossiya mudofaa sektori korxonalari olgan”, deyiladi bayonotda.

Shu munosabat bilan, Qo‘shma Shtatlar Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan PM Dezayn and Development kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Kompaniya yuzlab tovarlarni, jumladan yarimo‘tkazgichlar, elektron integral mikrosxemalar va kondansatorlarni Rossiyaning bir qancha kompaniyalariga yuborgani da’vo qilinmoqda.

Bundan tashqari Qirg‘izistonning Progress Lider, "GTME Texnologii", “Kargolayn” kompaniyalari AQSH sanksiyalari ostida qolgan.

Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni “The Washington Post” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Qo‘shma Shtatlar Qirg‘izistonning bir necha kompaniyalari va jismoniy shaxslarini Rossiya Federatsiyasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni buzganliklari sababli “qora ro‘yxat”ga kiritishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi respublika rasmiylari va davlat kompaniyalari AQSH va boshqa bir qator G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni buzmaganini ma’lum qildi. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining raisi Oqilbek Japarov ham AQSH ma’muriyati Bishkekga qarshi iqtisodiy choralar tayyorlayotganiga izoh bergan. U Qozog‘istonga Xitoyda ishlab chiqarilgan dronlar Qirg‘iziston orqali olib kirilgani haqida asosli dalillar keltirilmaganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya sanktsiya Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing