AQSH Isroilning yana bir tanqidchisiga qarshi sanksiya kiritdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari BMTning Falastin hududlaridagi inson huquqlari ahvoli bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albanezega nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda kecha, 9 iyul kuni X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio xabar berdi.

Unga ko‘ra, jazolar Albanezening Xalqaro jinoiy sudni (XJS) Amerika va Isroil rasmiylari, kompaniyalari va rahbarlariga nisbatan chora ko‘rishga undashga qaratilgan “noqonuniy va sharmandali harakatlari” uchun olingan.

“Albanezening AQSH va Isroilga qarshi siyosiy va iqtisodiy urush olib borish kampaniyasiga endi toqat qilib bo‘lmaydi. Biz har doim hamkorlarimizni o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz”, dedi Rubio.

Uning aytishicha, Vashington “tajovuzga javob berish va o‘z suverenitetimiz va ittifoqchilarimizning suverenitetini himoya qilish uchun” zarur deb hisoblagan harakatlarni amalga oshirishda davom etadi.

2024 yil noyabrida Francheska Albaneze Xalqaro jinoyat sudini Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun xalqaro order berishga chaqirdi. Xalqaro sud ularni insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlarida ayblaydi.

Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar joriy yilning iyul oyi boshida Jenevada Albaneze taqdim etgan hisobotga javob berdi. BMT maxsus ma’ruzachisi 48 xalqaro kompaniyani Isroilning Falastin hududlaridagi noqonuniy ishg‘oli va aparteid, shuningdek, G‘azo sektoridagi genotsid dan foyda olishda ayblagandi. AQSHning Jenevadagi missiyasi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishni Albanezeni ishdan bo‘shatishga chaqirdi. Vashington uni “antisemitizm” va “Isroilga qarshi tarafkashlikda” aybladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) Bosh prokurori, Buyuk Britaniya fuqarosi Karim Xon Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning hibsga olinishi bo‘yicha order berilishiga aloqadorligi sababli AQSH sanksiyalari ostiga tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh sanktsiya BMT Isroil Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing