AQSH Isroilning Rafahga hujumiga qarshi – Blinken
Olam
−
13 may
3176AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallantni blokadadagi G‘azo sektoriga yordam oqimini osonlashtirishga chaqirdi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Blinken Isroil Mudofaa vaziri bilan telefon orqali muloqot qilgan. Davlat kotibi telefon orqali suhbat chog‘ida AQSHning Isroil xavfsizligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi va HAMASni mag‘lub etishda Isroil bilan bir safda ekanini aytdi.
Blinken G‘azo sektoridagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Qo‘shma Shtatlar Falastin anklavining janubidagi Rafah shahriga keng ko‘lamli hujumga qarshi ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Shuningdek, Davlat kotibi Gallantni tinch aholi va yordam xodimlariga hujum qilishdan qochishga va blokadadagi eksklavga gumanitar yordam oqimini osonlashtirishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan AQSHning G‘azo sektori janubidagi blokadadagi Rafah shahriga Isroilning quruqlikdagi keng ko‘lamli hujumidan jiddiy xavotirlarini yana bir bor takrorladi.
Oq uyning bildirishicha, Sallivan isroillik hamkasbi Saxi Xanegbi bilan telefon orqali muloqot qilgan. Sallivan 7 oktyabrdagi HAMAS hujumini unutmaganliklarini va Isroilni HAMASga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashlari sobit ekanini aytdi.
Suhbatda amerikalik mulozim AQSH Prezidenti Jo Baydenning Vashington Rafahga keng ko‘lamli quruqlik hujumiga qarshi ekanligi haqidagi pozitsiyasini ta’kidladi.
Isroil Milliy xavfsizlik maslahatchisi Hanegbi esa Tel-Aviv AQSHning bu boradagi xavotirlari va xabarlarini hisobga olganligini aytdi.
Sallivan Isroilga tinch aholiga zarar yetkazmasdan, G‘azo sektorida HAMAS a’zolariga hujum qilishning “muqobil usullari” haqidagi fikrlarini yetkazdi.
Qayd etish joizki, Isroil ko‘plab mamlakatlarda salbiy munosabatiga qaramay, G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil bu shaharda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlasa, Amerika harbiy yordamini to‘xtatish bilan tahdid qildi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Rafahda G‘azo sektoridagi janglardan qochgan bir milliondan ortiq tinch aholi istiqomat qiladi va agar keng ko‘lamli janglar bo‘lsa, ularning hayoti xavf ostida qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu isroilliklar kerak bo‘lsa yakka o‘zi jang qilishga tayyorligini bildirgandi. Isroil harbiy Vazirlar Mahkamasi esa 9 may oqshomida Rafah shahridagi amaliyotni kengaytirishga qaror qildi. AQSH Davlat departamenti Isroil G‘azo sektorida Amerika qurollarini qo‘llash orqali xalqaro qonunlarni buzgan bo‘lishi mumkin ekanini aytdi.
Muqaddasxon Sattarova
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15