AQSH Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi
Olam
−
15 Oktabr
7715AQSH agar G‘azo sektoridagi gumanitar inqiroz noyabr o‘rtalariga qadar hal qilinmasa, Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu haqda amerikalik rasmiylarning maktubiga tayanib, N12 telekanali xabar berdi.
“Qo‘shma Shtatlar Isroilga aniq xabar yubordi: G‘azo sektoridagi gumanitar inqiroz bir oy ichida hal qilinishi kerak, aks holda qurol embargosi joriy etiladi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin kecha vazirlar Ron Dermer va Yoav Galantga ushbu talabni bayon etgan hujjatni topshirdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, AQSH ma’muriyati G‘azodagi yomonlashayotgan gumanitar vaziyatdan xavotirda. Vashington bu holatni o‘zgartirish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning sentyabr oyida mart oyidan beri G‘azoga eng kam gumanitar yuklar yuborilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu bayonot AQSH harbiylari tomonidan boshqariladigan THAAD yuqori balandlikdagi va transatmosferaviy raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini Isroilda joylashtirish haqidagi qaror fonida yangradi. THAAD kompleksi ballistik raketalarni tutib olish qurilmasi bo‘lib, u Isroilga Erondan ehtimoliy hujumlarni muvaffaqiyatli qaytarishga yordam beradi.
Isroil doimiy ravishda G‘azo sektoriga gumanitar yuklarni yetkazish uchun to‘sqinlik qilganlikda ayblanib kelmoqda. Biroq yahudiy davlati bu ayblovlarni rad etib, bir yil ichida Falastin anklaviga 900 ming tonnadan ortiq gumanitar yordam kiritilgani to‘g‘risida hisobotlar e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT surishtiruvi Isroilni HAMAS bilan bir yillik nizo davomida G‘azodagi sog‘liqni saqlash tizimini ataylab yo‘q qilish siyosatini yuritishda ayblagan edi.
LiveBarchasi