AQSH Isroilga qurol komponentlarini yetkazdi

Jamiyat

image

Amerikaning Galaxy tipidagi harbiy transport samolyoti so‘nggi kunlarda Isroil havo kuchlari bazasiga THAAD akkumulyatori komponentlarini yetkazib berdi. Bu haqda manbalariga tayanib, Isroilning KAN davlat telekanali va “Maariv” gazetasi xabar berdi. 

KAN ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil armiyasi Eronning ehtimoliy “strategik xatosi” – Isroil nishonlariga yuzlab ballistik raketalar va dronlar uchirilishiga tayyorlanmoqda.

“Isroil va AQSH to‘liq muvofiqlashtirishda ishlamoqda va barcha mumkin bo‘lgan ssenariylarga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, dedi KAN televideniyesiga Isroil xavfsizlik manbasi.

Pentagon matbuot kotibi Shon Parnel 2 aprel kuni Qo‘shma Shtatlar “mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, tajovuzkor xatti-harakatlarning oldini olish va erkin savdoni himoya qilish” choralarini ko‘rayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mudofaa vaziri Pit Hegsetning ko‘rsatmasi bilan AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy mavjudligi, jumladan, qo‘shimcha qiruvchi samolyotlarni joylashtirish orqali kuchaytiriladi, bu esa mintaqadagi AQSH havo hujumidan mudofaa tizimining imkoniyatlarini oshiradi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilning 2 noyabrida Pentagon Amerika qo‘shinlari va Isroilni himoya qilish uchun mintaqaga AQSH Harbiy-havo kuchlarining raketaga qarshi mudofaa esminetlari, jangovar samolyotlari, tankerlari va B-52 strategik bombardimonchi samolyotlarini qo‘shimcha joylashtirish rejasini e’lon qilgan.

13 oktyabr kungi bayonotida Pentagon Eron tahdidiga qarshi turish uchun THAAD batareyasi va unga xizmat ko‘rsatish uchun 100 ga yaqin askarini Isroilga jo‘natishini ma’lum qilgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp 7 mart kuni Eron yetakchisi Ali Xomanaiyga maktub yo‘llaganini aytdi, unda ham tahdid, ham muzokaraga chaqiriq bor. Xomanaiy, o‘z navbatida, AQSH muammolarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilmoqchi emas, balki o‘z talablarini qo‘yish va hukmronlik o‘rnatishga intilayotganini aytdi. U Eron bunday shartlarni qabul qilmasligini ta’kidladi.

Maktub bir necha kundan keyin Birlashgan Arab Amirliklari orqali Eronga yetkazilgan va Eron 27 mart kuni Ummon orqali javob yuborganini ma’lum qilgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tramp tahdidlarini davom ettirar ekan, Tehron AQSH bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazmasligini, biroq mamlakat vositachilar orqali bilvosita muzokaralarga tayyor ekanini aytdi.

Vazir, shuningdek, Tramp talablariga zid ravishda faqat yadroviy masala bo‘yicha muzokaralar olib borilishi va mamlakat mudofaa qobiliyati masalasi muzokaralar uchun yopiq ekanini ta’kidladi.

Tramp esa Eron yadroviy kelishuvdan voz kechsa, unga hujum qilish bilan tahdid qilgan edi. 

“Agar ular kelishuvga erishmasa, portlash boshlanadi. Bu ular hech qachon ko‘rmagan bombardimon kampaniyasi bo‘ladi”, deb ta’kidladi Oq uy rahbari. 

31 mart kuni Xomanaiy Prezident Tramp Tehronga qarshi tahdidlarini amalga oshirishi dargumon, ammo har qanday tajovuzga Eron qat’iy javob berishga tayyor ekanini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing