AQSH, Isroil va HAMAS garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga yaqin – WP
Olam
−
19 noyabr 2023
3631AQSH, Isroil va HAMAS janglarda besh kunlik tanaffus e’lon qilish va garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mojaroning har ikki tomoni harbiy amaliyotlarni kamida besh kunga to‘xtatib turishi evaziga garovga olinganlarni qo‘yib yuborish bo‘yicha muzokaralarning ijobiy yakuniga yaqinlashmoqda. Unda 239 nafar garovga olinganlarning dastlabki 50 nafari yoki undan ko‘prog‘i ozod qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, hech qanday hujumlarsiz besh kunlik tanaffus vaqtida G‘azo sektoriga Misr hududidan gumanitar yordam, jumladan, yoqilg‘i yetkazib berishni sezilarli darajada oshirish uchun ham so‘rovlar yuborilgan. Nashrga ko‘ra, 5 kunlik pauza vaqtida garovga olinganlar har 24 soatda navbat bilan ozod qilinadi.
Aniqlik kiritilishicha, mazkur hujjat Dohada AQSH, Isroil va HAMASning Qatardagi vakillari ishtirokidagi maslahatlashuvda kelishib olingan. Biroq Isroilning hujumlarni vaqtincha to‘xtatib turish bo‘yicha pozitsiyasi so‘nggi soatlargacha noaniqligicha qolishi mumkin.
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroilning har qanday qarorini qo‘llab-quvvatlagan holda tanaffus va asirlar almashinuvi bo‘yicha bo‘lajak kelishuvni ma’qullashini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 noyabr kuni ham Isroil mudofaa kuchlari gumanitar maqsadlarda G‘azo sektori janubidagi Misr bilan chegaradosh Rafah shahrida jangovar harakatlarni to‘rt soatga to‘xtatgandi.
LiveBarchasi