AQSH Isroil Rafahda qirg‘inni davom ettirsa, tomoshabin bo‘lib turmoqchi
Olam
−
29 may
4861Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati Isroil hukumati G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida operatsiyani davom ettirsa, ularga nisbatan cheklovlar qo‘ymoqchi emas. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi jurnalistlar uchun o‘tkazilgan navbatdagi brifingda ma’lum qildi.
Undan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi yig‘ilishida Xalqaro jinoiy sudning Rafahdagi operatsiyani to‘xtatish kerakligi haqidagi qaroriga rioya qilmasa, Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llash imkoniyati muhokama qilinganiga izoh berishi so‘raldi.
“Men bu haqda gapirishni yevropaliklarning ixtiyoriga qoldiraman. Biz Xalqaro jinoiy sud qarori asosida bunday jazo choralarini qo‘llashni rejalashtirmayapmiz, bu qarorga rozi emasmiz va ular [bu masalada] yurisdiksiyaga ega ekanligiga ishonmaymiz”, deydi Kirbi.
Irlandiya Tashqi ishlar va mudofaa vaziri Mixol Martin 27 may kuni aytganidek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbarlari Isroil G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida operatsiyani davom ettirsa, unga qarshi sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini batafsil muhokama qildi. Uning aniqlik kiritishicha, tomonlar birinchi marta sanksiyalar masalasini jiddiy muhokama qilgan.
Xalqaro jinoiy sud joriy yilning 24 may kuni Janubiy Afrikaning Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani buzganligi uchun qo‘ygan da’vosi doirasida Isroilga nisbatan qo‘shimcha vaqtinchalik choralar ko‘rish to‘g‘risida qaror chiqardi. Unga ko‘ra, Isroil armiyasi Rafahdagi hujumni zudlik bilan to‘xtatib, falastinliklarga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun xuddi shu nomdagi nazorat-o‘tkazish punktini ochiq qoldirishi kerak. Bundan tashqari, yahudiy davlati har qanday tergov komissiyalari, faktlarni aniqlash missiyalari yoki BMTning vakolatli agentliklari tomonidan genotsid haqidagi da’volarni tekshirish uchun ruxsat berilgan boshqa tergov organlarining G‘azo sektoriga to‘siqsiz kirishini ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim.
27 mayga o‘tar kechasi Isroil harbiylari Rafahga zarba berdi. Tal as-Sulton hududidagi BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlar agentligining Yaqin Sharqdagi ombori yonida o‘rnatilgan chodir lageriga kamida sakkizta raketa bilan hujum qilindi.
Chodirlar shaharchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Falastinning WAFA agentligi taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgan, qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardir. Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati Bosh shtabning faktlarni aniqlash apparati Rafah hujumi hududida tinch aholining o‘limi holatlarini tekshirishni boshlaganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi