AQSH Isroil-HAMAS muzokaralaridan chiqdi
Olam
−
25 iyul 3597 2 daqiqa
AQSH HAMASning so‘nggi o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga bildirgan javobidan so‘ng, muzokaralardan chiqdi. Bu haqda AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff X tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Uitkoffga ko‘ra, AQSH delegatsiyasi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda qatnashib turgan joyi – Qatar poytaxti Dohadan AQSHga qaytariladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, HAMASning bergan javobi “G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish istagi yo‘qligini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda”.
Uitkoffning aytishicha, endi Vashington garovdagilarni uylariga qaytarish uchun muqobil variantlarni ko‘rib chiqmoqchi va G‘azo aholisi uchun yanada barqaror muhit yaratishga harakat qiladi. AQSH delegatsiyasi “konsultatsiya uchun” chaqirib olingan.
“Sharmandalik, HAMAS shunchalik o‘z manfaatlarini ko‘zlab harakat qilmoqda. Biz bu mojaroga barham berishga va G‘azoda doimiy tinchlik o‘rnatishga qat’iy bel bog‘laganmiz”, degan Uitkoff.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi RBK’ga bergan izohida Isroil garovdagilar va G‘azo sektori borasida kelishuvga erishishni istayotgani, biroq HAMAS tomonidan bunday xohish sezilmayotgani, shuning uchun “sabr tugayotganini” bildirgan. Agar muzokaralar natija bermasa, Isroil tomoni G‘azodagi harbiy amaliyotlarni avvalgidek yoki undan ham og‘ir shaklda davom ettirish bilan tahdid qilgan.
Isroil ham muzokarachi delegatsiyasini maslahatlashuv uchun chaqirib olgan. Biroq CNN isroillik manbaga tayanib xabar berishicha, bu qaror muzokaralardagi inqiroz belgisi emas. Manbaga ko‘ra, Isroil delegatsiyasi muzokaralar holatini baholash maqsadida chaqirib olingan.
“The Washington Post” nashrining yozishicha, HAMAS so‘nggi 40 yildagi eng katta moliyaviy inqirozga duch kelgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 24 iyul tongida HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilishga oid so‘nggi taklifga javob berganini e’lon qildi. HAMASning avvalgi javobi vositachilar tomonidan “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb topilib, AQSH va Isroilga hatto yetkazilmagan. Vositachilar HAMASdan “yanada oqilona” taklif kutayotganini bildirgan.
Xususan, manbaning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS o‘shanda Isroil kuchlari ortga chekinishi kerak bo‘lgan chiziqdan ham orqaroqqa ketishini talab qilgan.
Isroil Bosh vaziri devoni HAMASning eng so‘nggi javobini olganini tasdiqlagan va u hozir o‘rganilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler bilan uchrashuv chog‘ida G‘azodagi vaziyatning yagona yechimi Isroil qo‘shinlarining bosib olingan hududlardan to‘liq olib chiqilishi ekanini aytgandi.
Live
Barchasi