AQSH G‘azoga xalqaro kuchlarni joylashtirmoqchi

Olam

image

AQSH Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga G‘azo sektorida xalqaro kuchlarni joylashtirish haqidagi rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi. Bu haqda ushbu hujjat nusxasiga tayanib, “Axios” nashri xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, “Maxfiy, biroq sir emas” degan belgiga ega hujjat AQSH va boshqa davlatlarga 2027 yil oxirigacha, kamida ikki yil muddatga sektorni boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash uchun keng vakolat beradi, keyinchalik bu muddat uzaytirilishi ham mumkin.

Amerikalik rasmiyning “Axios”ga aytishicha, hujjat yaqin kunlarda Xavfsizlik Kengashida muzokaralarning asosi bo‘lib xizmat qiladi, maqsad – 2026 yil yanvariga qadar G‘azoda ilk xalqaro qo‘shinlarni joylashtirish. Manbaga ko‘ra, bu kontingent “tinchlikni saqlovchi kuchlar emas, balki majburiy choralar ko‘ruvchi kuchlar” bo‘ladi.

Xalqaro kuchlar tarkibiga bir necha davlatlarning qo‘shinlari kiradi, ularning joylashtirilishi esa AQSH Prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi Tinchlik Kengashi bilan kelishiladi. Tramp bu kengashni tuzish haqida joriy yilning sentyabr oyi oxirida e’lon qilgan.

Mazkur kuchlar G‘azo bilan Isroil va Misr chegaralarining xavfsizligini ta’minlash, tinch aholining himoyasi va gumanitar yo‘laklarning ishlashini kafolatlash, shuningdek, Falastin politsiyasini tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi. Ular, shuningdek, G‘azo sektorining harbiylashtirilishini tugatish, harbiy, terrorchilik va hujum infratuzilmasini yo‘q qilish hamda qayta tiklanishining oldini olish vazifalarini bajaradi. Agar HAMAS harakati o‘z ixtiyori bilan qurol topshirmasa, ularni qurolsizlantirishni ham o‘z ichiga oladi.

Harbiy kontingent G‘azoda o‘tish davrida xavfsizlikni ta’minlaydi. Bu vaqt mobaynida Isroil bosqichma-bosqich o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi, Falastin ma’muriyati esa sektorni keyinchalik boshqarish imkonini beruvchi islohotlar o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Loyihada aytilishicha, xalqaro kuchlar G‘azoda “Tinchlik Kengashi uchun maqbul yagona qo‘mondonlik ostida” joylashtiriladi. “Axios”ning ma’lumotiga ko‘ra, Indoneziya, Ozarbayjon, Misr va Turkiya o‘z qo‘shinlarini yuborishga tayyor ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh imzolangandi. Bu kelishuvga AQSH, Misr, Qatar va Turkiya vositachiligida, Trampning 20 banddan iborat tinchlik rejasi asosida erishilgan.

Mazkur reja HAMAS tomonidan barcha garovdagilarni (tirik va halok bo‘lganlarni) ozod etish, Isroil qo‘shinlarini kelishilgan chiziqqacha olib chiqish, G‘azoni vaqtincha boshqaruvchi Tinchlik Kengashini tuzish, xavfsizlikni ta’minlash uchun xalqaro harbiy kontingent joylashtirishni nazarda tutadi. Shuningdek, HAMAS a’zolari o‘z qurollarini topshirsa, amnistiya oladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing