AQSH G‘azodagi urushni yumshatmoqchi
Olam
−
26 fevral
3875AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvning yangi versiyasini taqdim etadi. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Byorns tomonidan taklif qilingan choralar Falastin-Isroil mojarosining asosiy muammolarini hal qilmaydi, ammo vaziyat yanada yomonlashishining oldini olishi mumkin.
Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Misr, Isroil va Qatar vakillarini Vashingtonning G‘azodagi qolgan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga doir yangi taklifi bilan tanishtirdi. Unga ko‘ra, G‘azodagi janglarda yana bir pauza ehtimoli mavjud. Byorns 23 fevral kuni Parijdagi muzokaralarda kelishuvning Amerika versiyasini taqdim etgan. Manbalarning aniqlik kiritishicha, taklif uchta asosiy banddan iborat bo‘lib, AQSHning G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatdan xavotirini ko‘rsatadi.
“Byorns formulasi”ning birinchi bandi anklav aholisiga ko‘rsatiladigan gumanitar yordam hajmini sezilarli darajada oshirishdan iborat. Ushbu ko‘mak dasturi yuk mashinalari sonini ko‘paytirish, ko‘chirilgan falastinliklarni uy-joy bilan ta’minlash, novvoyxonalarni qayta ochish singari vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklashdan iborat.
Kelishuvning ikkinchi qismi o‘t ochishni to‘xtatish davrida ko‘chirilgan falastinliklarni bosqichma-bosqich o‘z uylariga qaytarishni nazarda tutadi. Uchinchi nuqta – garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish. Biroq manbalar yangi bitimning aniq tafsilotlarini keltirmagan. Aniqlanishicha, katta ehtimol bilan Falastinning harbiylashtirilgan tashkiloti va siyosiy partiyasi yetakchilaridan biri Marvon Bargutiy ozod qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Parijda bo‘lib o‘tayotgan konferensiyada HAMAS tomonidan garovga olingan mahbuslarni Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklarga almashishning yangilangan shartlari bo‘yicha kelishuvga erishilgani aytilayotgandi.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi