AQSH G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani yana blokladi

Olam

image

AQSH Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashida veto huquqidan foydalangan holda G‘azo sektorida doimiy va shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini blokirovka qildi. Bu haqda bugun, 20 noyabr kuni AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vud ma’lum qildi.

“Biz asirlarni ozod qilmasdan, hech qanday shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlay olmaymiz”, dedi u.

Qayd etilishicha, Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 14 tasi bu hujjatni qo‘llab-quvvatlagan. AQSH esa o‘tgan yilning oktyabr oyida Yaqin Sharq mojarosi avj olganidan beri G‘azo sektorida sulh to‘g‘risidagi qarorlarni beshinchi marta blokirovka qilmoqda.

Rezolyutsiya loyihasi 10 ta doimiy bo‘lmagan BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u to‘qqizta banddan iborat. Birinchi bandda zudlik bilan, hech qanday shartlarsiz va doimiy ravishda o‘t ochishni to‘xtatish talab qilinadi. Hujjatda barcha tomonlardan G‘azo sektoridagi o‘g‘irlanganlarni ozod qilish, xalqaro huquq normalariga rioya qilish va G‘azo aholisiga gumanitar yordamdan foydalanish huquqini taqdim etishni talab qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, agar rezolyutsiya qabul qilinsa, BMT Bosh kotibi uch hafta ichida yozma hisobot taqdim etishi kerakligi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 noyabr kuni Irlandiya parlamenti Isroilga qarshi rezolyutsiyani qabul qilgan edi. Rezolyutsiya qabul qilinganidan so‘ng Irlandiya Tashqi ishlar vaziri Mixol Martin hukumat yil oxirigacha Xalqaro sudda Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi genotsid da’vosiga qo‘shilish niyatida ekanini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo rezolyutsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing