AQSH G‘azoda port qurish uchun kema yubordi
Olam
−
11 mart
3930Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori qirg‘oqlariga gumanitar yordam yetkazish maqsadida mintaqada vaqtinchalik dengiz portini qurish uchun asbob-uskunalar bilan birinchi kemani yubordi. Bu haqda AQSH Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“2024 yil 9 mart kuni AQSH armiyasining “General Frenk S. Besson” (LSV-1) kemasi Lengli-Yustis qo‘shma bazasidan Sharqiy O‘rta yer dengiziga yo‘l oldi”, deyiladi bayonotda.
AQSH Prezidenti Jo Bayden harbiylarga G‘azo sektori sohilida vaqtinchalik port yaratish bo‘yicha ko‘rsatma bergani, bu eksklavga O‘rta yer dengizi bo‘yidagi mamlakatlardan yordam yetkazilishini ta’minlaganini ma’lum qilgan.
Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayderning aytishicha, suzuvchi harbiy portni qurish 60 kungacha davom etishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 8 mart kuni Yevropa komissiyasi, Kipr, BAA, AQSH va Buyuk Britaniya G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berish uchun dengiz yo‘lagi yaratishni ma’qulladi. Qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, Kipr rahbariyati dengiz yo‘lagining ishga tushirilishida muhim rol o‘ynagan “Amalteya tashabbusi” oroldan G‘azo sektoriga dengiz orqali yordamni xavfsiz yetkazib berish mexanizmini taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil falastinliklarga gumanitar yordam yetkazib berish uchun G‘azo sektoridagi vaqtinchalik faoliyat yuritadigan port xavfsizligini ta’minlashga tayyor ekanini aytgandi.
LiveBarchasi