AQSH fuqarolarini Belarusni tark etishga chaqirdi
Olam
−
22 avgust 2023
4537Minskdagi AQSH elchixonasi Belarusdagi amerikaliklarni mamlakatni darhol tark etishga, boshqa barcha Amerika fuqarolarini esa Belarusga bormaslikka chaqirdi. Bu haqda elchixonaning X (Twitter)dagi sahifasida bayonot berildi.
“Litva va Latviya bilan qolgan chegara punktlari orqali yoki samolyotda ketishni o‘ylab ko‘ring. AQSH fuqarolariga Belarusdan quruqlik orqali Polshaga kirishga ruxsat berilmaydi. Rossiya yoki Ukrainaga sayohat qilmang”, deyiladi amerikalik diplomatlarning tavsiyalarida.
AQSH fuqarolarining sayohat qilishdan tiyilishi sabablari orasida elchixona Ukrainadagi mojaro sharoitida Belarus rasmiylarining Rossiyaga yordam ko‘rsatishini, Rossiya harbiylarining mamlakatda mavjudligini, shuningdek, tartibsizlik ehtimoli ortishini ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, joriy yilning 18 avgustga o‘tar kechasi Litva hukumati Belarus bilan chegaradagi ikkita chegara o‘tish punktini mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid solishi sababli yopdi. Shundan so‘ng, Belarus fuqarolari uchun mamlakatdan YeIga chiqib ketish qiyinlashgan.
Belarusda ikkita nazorat-o‘tkazish punktini yopish to‘g‘risidagi qaror nodo‘stona qadam deb ataldi. Minskning fikricha, Litva ataylab chegarada navbatlar yaratish uchun shart-sharoit yaratmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 28 avgust kuni Litva, Latviya va Polsha rasmiylari Varshavada Belarus bilan barcha chegara punktlarini butunlay yopish imkoniyatini muhokama qilmoqchi. Hozirgacha oltita chegara postidan to‘rttasi ishlamoqda.