AQSH firmasi “Atletiko Madrid”ning asosiy ulushini sotib oldi
Sport
−
13 noyabr 2025 1129 1 daqiqa
AQSHning xususiy sarmoya kompaniyasi Apollo Sports Capital “Atletiko Madrid”ning asosiy ulushini sotib oldi. Bu haqda EFE nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Apollo “Atletiko”ning 51–55% aksiyalarini sotib oladi. Bitim 2026 yilning birinchi choragida yakunlanishi kutilmoqda.
Kelishuvga ko‘ra, klub bosh direktori Migel Anxel Gil va prezident Enrike Sereso o‘z vazifalarida qoladi.
“Biz klubga sodiq yangi hamkorni qabul qilishdan faxrlanamiz. Apollo Sports Capital “Atletiko Madrid” tarixi va an’analarini hurmat qiladi va bizning raqobatbardoshligimizni saqlab qolishga yordam beradi”, deydi klub bosh direktori Gil.
Apollo'ning sportga investitsiyasi joriy yilning sentyabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, kompaniyada sarmoya uchun 5 milliard dollar miqdoridagi mablag‘lar mavjud. Firma allaqachon sport sohasida faol bo‘lib, shu yil Premer-liganing “Nottingem Forest” klubiga 80 million funt sterling kredit ajratgan.
Bu bitim AQSHning xususiy sarmoya firmasi tomonidan Yevropa sportiga kiritilgan eng yirik sarmoyalardan biri hisoblanadi. Shu bilan Apollo Ispaniya futboliga sarmoya kiritgan eng so‘nggi xususiy firmaga aylandi.
Ma’lumot uchun, “Atletiko Madrid” ayni damda La Liga turnir jadvalida 25 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda.
Live
Barchasi