AQSH eronparast qurolli guruhlarga qarshi hujum boshladi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Harbiy-havo kuchlari kecha, 27 iyun kuni Iroq va Suriya chegarasidagi eronparast qurolli guruhlarga qarshi havo hujumlarini boshladi. Bu haqda Pentagon o‘zining veb-saytida xabar bergan.  

AQSH Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida tegishli ko‘rsatmalar AQSH Prezidenti Jo Bayden tomonidan berilganini ma’lum qilgan. 

“AQSH harbiylari bugun kechqurun Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan isyonchi guruhlar Iroq-Suriya chegarasidagi mintaqada foydalanadigan nishonlarga qarshi havo hujumlarini boshladi. Ushbu ob’ektlar Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlar tomonidan foydalanilgani uchun tanlangan, chunki ular AQSHning Iroqdagi shaxsiy tarkibi va inshootlariga qarshi hujumlarni amalga oshirmoqda”, deyilgan xabarda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar Suriyaning ikkita va Iroqning bir joyidagi qurol-yarog‘ jihozlari va omborxonalariga qaratilgan. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu inshootlardan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bir necha jangari guruhlar, jumladan “Kataib Hizbulloh” va “Kataib Sayyid ash-Shuhad” tashkilotlari foydalangan. 

“Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarning AQSHning Iroqdagi manfaatlarini nishonga olayotgan bir qator hujumlarini hisobga olgan holda, Prezident bunday hujumlarning oldini olish uchun qo‘shimcha harbiy harakatlarni amalga oshirishni buyurdi”, deyilgan bayonotda. 

AQSH harbiylarining qo‘shimcha qilishicha, Amerika tomoni “eskalatsiya xavfini cheklash”ga qaratilgan “zarur va o‘rinli harakatlar”ni amalga oshirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 18 iyun kuni Eronda navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovlarda 60 yoshli siyosatchi Ibrohim Raisiy g‘alaba qozondi. Raisiy o‘z navbatida Jo Bayden bilan uchrashish niyatida emasligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Iroq

Baholaganlar

357

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing