AQSH Eronni Isroil zarbalariga javob bermaslikka chaqirdi
Olam
−
26 Oktabr
7481Qo‘shma Shtatlar rasmiy Tehronni Isroil tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi zarbalarga javob bermaslikka chaqirdi. Bu haqda bugun, 26 oktyabr kuni jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakili Shon Sevett ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning Eronga so‘nggi zarbasi ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilikka barham berishi kerak.
“Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy zarbalar almashinuviga kelsak, biz haqiqatan ham bu mojarolarni yakunlash kerak, deb hisoblaymiz”, deya ta’kidlagan AQSH hukumati vakili.
“Reuters” axborot agentligining yozishicha, Qo‘shma Shtatlar Isroilga Eronning javob zarbalarini qaytarishda yordam berishga tayyorligini bildirgan.
“Aytishim kerakki, biz Yaqin Sharq mintaqasidagi ko‘plab mamlakatlar, jumladan, Eron bilan yaqin aloqada bo‘lgan davlatlardan ham xuddi shunday gaplarni eshitdik”, deya qo‘shimcha qilgan amerikalik rasmiy.
Bayden ma’muriyati Isroil o‘zini himoya qilish va Eron hujumiga javob qaytarish huquqiga ega ekanini aytdi.
“Agar Eron yana javob qaytarishga qaror qilsa, biz darrov shay holatga kelamiz va Eron uchun buning oqibatlari juda yomon bo‘ladi”, degan AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakili.
Ma’lumot uchun, bugun, 26 oktyabr kuni Isroil kuchlari Eronga havo hujumi yo‘llagandi. Isroil Eronga tungi hujum paytida 100 dan ortiq raketa uchirgan. Hujum bevosita Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Galant nazorati ostida o‘tgan. Isroil Eron havo hujumidan mudofaa tizimlarini “ko‘r qilish” uchun Suriyadagi radarlarga dastlabki zarbalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The New York Times” Eron hukumati Tel-Avivning javob hujumini kutayotgan bir paytda mamlakat Qurolli kuchlariga Isroil bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgani haqida yozgandi. Nashrga ko‘ra, aslida Tehron uchun keng qamrovli urush ssenariysi afzal variant emas. Shuning uchun, Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy harbiylarga Isroil hujumiga qarshi bir nechta harakat rejasini ishlab chiqishni topshirgan.
Qayd etilishicha, har qanday “eroniy qasos” ko‘lami Isroil zarbasining jiddiyligiga bog‘liq bo‘ladi. Manbalarga ko‘ra, agar Tel-Aviv hujumni bir nechta harbiy bazalar va raketa hamda dron omborlari bilan cheklasa, katta ehtimol bilan Tehron hech qanday javob bermaydi.
LiveBarchasi