AQSH Eronga nisbatan bosimni kuchaytirishni to‘xtatdi – WSJ

Olam

image

Oq uy Eronga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishda pauza qilishni buyurdi. Bu haqda kecha, 1 iyun kuni manbalarga tayanib, “Wall Street Journal” xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan hafta Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt Davlat departamenti, G‘aznachilik departamenti va Milliy xavfsizlik kengashiga “Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bo‘yicha barcha faoliyatni to‘xtatishni” talab qilgan ko‘rsatma yo‘llagan. Natijada AQSH Prezidenti Donald Trampning Eronga “maksimal bosim” o‘tkazish kampaniyasi amalda to‘xtab qolgan.

Livittning o‘rinbosari Anna Kelli nashrga bergan izohida bu ma’lumotni to‘g‘ridan to‘g‘ri rad etmadi, biroq “yo Oq uy yoki tegishli idoralar sanksiyalar masalasi bo‘yicha har qanday yangi qarorni e’lon qilishini” aytdi.

“Vashington oxirgi marta 21 may kuni Tehronga nisbatan cheklovlar kiritgan va o‘shandan beri G‘aznachilik yangi sanksiyalar e’lon qilinishini kamida ikki marta kechiktirdi”, deb yozadi gazeta.

Neft sotish va muzlatilgan Eron aktivlari bo‘yicha asosiy cheklovlar o‘z kuchida qolishi mumkin. Biroq Tramp ma’muriyatining ba’zi rasmiylari ushbu pauzaning davomiyligi va ko‘lami haqida aniqlik yo‘qligidan xavotirda. Ayrim xodimlarning fikricha, bunday yondashuvdan maqsad Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha nozik muzokaralar nuqtai nazaridan bo‘lajak cheklov choralarini sinchkovlik bilan tahlil qilishdir.

30 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron yaqin orada Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkinligini aytdi. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa mamlakatlar hali ham kelishuv tuzishdan uzoqda ekanini ta’kidladi.

Eron va AQSH vakillari 23 may kuni Rimda Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarning beshinchi raundini o‘tkazdi, unda Ummon vositachi sifatida ishtirok etdi. Maslahatlashuvlar yakunida Ummon Tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaydiy “ma’lum, ammo yakuniy emas” muvaffaqiyatga erishilganini ma’lum qildi. Uning eronlik mavqedoshi ta’kidlashicha, Tehron va Vashington bir-ikki uchrashuvda ijobiy natijalarga erishishga umid qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing