AQSH Eronga qarshi taktik yadro qurolidan foydalanishi mumkin – OAV
Olam
−
20 iyun 11726 3 daqiqa
AQSH Eronning Fordodagi uranni boyitish bo‘yicha mustahkam yadro ob’ektiga qarshi taktik yadro qurolidan foydalanishni istisno qilmayapti. Bu haqda Oq uydagi mansabdor shaxsga tayanib, “Fox News” muxbiri Jeki Xaynrik xabar berdi.
Manbaning bildirishicha, AQSH harbiylari bunkerni yorib kiruvchi bombalarning samaradorligiga shubha qilmaydi va ular yordamida Eronning yadro zavodini yo‘q qilish mumkin deb hisoblaydi. Shunday qilib, Donald Tramp ma’muriyati “The Guardian” gazetasidagi xabarlarga raddiya berdi. Mazkur nashr avvalroq harbiylar Fordodagi ob’ektni faqat taktik yadro zarbasi bilan yo‘q qilish mumkin deb hisoblayotgani, biroq AQSH Prezidenti bu variantni rad etayotgani haqida yozgan edi.
Bundan avval esa “Axios” nashri Tramp 13,6 tonna og‘irlikdagi GBU-57 rusumli bunkerni yoruvchi bomba 90 metr chuqurlikda joylashgan yerosti zavodini ishonchli tarzda vayron qila olishiga shubha bilan qarayotganini yozgan. Shu bilan birga, AQSH Mudofaa departamentiga qarashli Harbiy xavflarni kamaytirish agentligi Fordodagi yadro ob’ektini yo‘q qilish uchun avval yer qatlamini oddiy bombalar bilan yumshatish, keyin esa u yerga bombardimonchi samolyotdan yadro bombasini tashlash kerakligini ta’kidlagan.
“Wall Street Journal” nashrining yozishicha, Tramp joriy yilning 17 iyun kuni Eronga qarshi harbiy zarba berish rejasini ma’qullagan, biroq hozircha bu rejaning amalga oshirilishi bo‘yicha buyruq bermagan. U Tehron yadro dasturidan o‘z ixtiyori bilan voz kechadi degan umidda kutmoqda. Kecha, 19 iyun kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning ma’lum qilishicha, AQSH Prezidenti ikki hafta ichida Eron bo‘yicha zarba berish-bermaslik haqida qaror qabul qiladi. Bunga qadar Tramp Tehrondan “shartsiz taslim bo‘lish”ni talab qilgan. Uning aytishicha, Islom Respublikasining havo hududi ustidan AQSH to‘liq nazorat o‘rnatgan va Vashington “Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy qayerda yashirinayotganini” biladi. Tramp uni “oson nishon” deb atadi, biroq AQSHning hozircha uni yo‘q qilish rejasi yo‘qligini ta’kidladi.
Bunga javoban Oyatulloh Xomanaiy Eron hech qachon taslim bo‘lmasligini va AQSH Prezidentining talablariga rozi bo‘lmasligini aytdi. Shuningdek, u AQSH tomonidan amalga oshiriladigan har qanday harbiy hujum og‘ir va qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Qirollik harbiy xizmatlar instituti hisobot e’lon qilib, Isroil Eron harbiy ob’ektlariga, jumladan, bir nechta yadroviy ob’ektlariga zarba berib, ushbu mamlakatning yadroviy dasturini yo‘q qilishga urinayotganini, lekin bu unchalik ham oson bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi. Fordo zavodi chuqurroq joylashgan deb hisoblanadi. Uning qanchalik chuqurdaligi aniq emas, biroq baholashlarga ko‘ra, Fordodagi inshootlar 80 dan 90 metrgacha chuqurlikda joylashgan. Hisobotga ko‘ra, AQSHning eng katta bombasi – GBU-57 ham atigi 60 metr chuqurlikkacha yetadi va Fordoga yetib bora olmaydi.
Live
Barchasi