Kim Chen In yadroviy qurollar sonini keskin oshirmoqchi
Olam
−
04 iyun 1845 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakatning yangi ishga tushirilgan yadroviy material ishlab chiqarish korxonasiga tashrifi chog‘ida yadroviy arsenalni “eksponensial darajada” kengaytirish zarurligini bildirdi. Bu haqda Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yil ichida qurol-yarog‘ uchun mo‘ljallangan yadroviy material ishlab chiqarish quvvati ikki barobardan ko‘proq oshgan. Kim Chen In mutasaddilarga uzoq muddatli strategik maqsadlarga erishish uchun ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish vazifasini qo‘ygan. Davlat OAVlari tomonidan tarqatilgan suratlarda Kim Chen Inning silindr shaklidagi uskunalar qatorlari orasida yurgani aks etgan. Ayrim tahlilchilar bu ob’ekt mamlakatning asosiy yadroviy majmualaridan biri – “Yonbyon” kompleksi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakat xavfsizligiga tahdidlar kuchayib borayotgani va “eng shafqatsiz dushmanlar” bilan uzoq muddatli qarama-qarshilik sharoitida yadroviy tiyib turish salohiyatini yanada mustahkamlash zarur.
“Davlatimiz yadroviy kuchlarini eksponensial (shiddatli) sur’atlarda kuchaytirishga qaratilgan ulkan kelajak rejasini amalga oshirish tartibi belgilab olindi”, deydi Shimoliy Koreya rahbari.
Janubiy Koreya Qurolli kuchlari birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi vakili esa namoyish etilgan ob’ekt uran boyitish korxonasi ekanini ma’lum qilgan. Tahlilchilarning fikricha, Kim Chen Inning mazkur tashrifi ehtimoliy diplomatik muzokaralar arafasida Pxenyanning pozitsiyalarini mustahkamlash va yadroviy dasturni yanada tezlashtirishni oqlash maqsadida amalga oshirilgan. NK News nashrining asoschisi Chad O’Karroll esa bu voqeani Xitoy raisi Si Szinpinning Pxenyanga ehtimoliy tashrifi bilan bog‘lagan. Uning fikricha, KXDR rahbariyati yadroviy qurolsizlantirish masalasi muhokama qilinmasligini oldindan namoyish qilishga urinmoqda.
Xalqaro baholashlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya hozirda taxminan 50 ta yadroviy kallakka ega. Biroq mamlakat hukumati hech qachon o‘z yadroviy arsenali hajmini rasman oshkor qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanadigan ko‘p maqsadli yengil raketalarni uchirishning yangi tizimini va taktik qanotli raketalarning yalpi o‘t ochish tizimini sinovdan o‘tkazgan edi.
Live
Barchasi