AQSH Eron va Isroil o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanishidan xavotirda

Olam

image

Vashington Suriyadagi Eron konsulligiga berilgan havo zarbasidan keyin Eron va Isroil o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanishi ehtimolidan xavotirda. Bu haqda kecha, 4 aprel kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.

“Ha, biz to‘liq miqyosli urushdan juda xavotirdamiz. Darhaqiqat, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun gaplashgan narsalardan biri bu Isroil davlatiga Erondan kelayotgan haqiqiy tahdid edi", degan u CNN telekanalida jurnalistning "to‘liq miqyosli urush" ehtimoli haqidagi savoliga javob berar ekan.

Kirbi AQSH tomonidan Isroilga ko‘rsatilayotgan xavfsizlik yordami faqat G‘azo sektori uchun emasligini unutmaslikka chaqirdi. 

“Qo‘shma Shtatlar Isroil bilan birga bo‘ladi, biz bu tahdidlardan himoyalanishda sizga yordam berishda davom etamiz", deya xulosa qildi Kirbi.

Isroilning “i24News” telekanali esa Eronning Suriyadagi konsulligiga havo hujumi uyushtirilganidan keyin yahudiy davlati Erondan ehtimoliy hujumlarga tayyorlanayotgani haqida xabar berdi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilda Ramazon oyining so‘nggi juma kuni "Hizbulloh" yahudiy davlatiga qarshi front ochishidan xavfsirashmoqda.

4 aprel kuni Eron rahbari va ruhiy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘zining X sahifasida Isroilni konsullik bo‘limiga havo hujumi uyushtirgani uchun tavba qilishga majbur qilishini ibroniy tilida yozdi.

Ma’lumot uchun, 1 aprel kuni Isroil F-35 qiruvchi samolyotlari yordamida Damashqdagi Eron konsulligi binosiga 6 marta raketa hujumi uyushtirgan. Hujum oqibatida 13 kishi, shu jumladan generallar Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Hodi Haj Rahimiy halok bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Isroilning Eron konsulligi binosiga uyushtirgan havo hujumini keskin qoralagandi. BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida esa BMT va ba’zi a’zo davlatlar hujumni qoralagan bir paytda AQSH Eronni Isroil va Amerika nishonlariga hujum qilishda ayblagandi. Oldinroq AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Eron 48 soat ichida Isroilga  kuchli zarba berishini taxmin qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing