AQSH Erdo‘g‘anni Shvetsiya uchun siylamoqchi
Olam
−
11 iyul 2023
10422AQSH Prezidenti Jo Bayden Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda bugun, 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Bayden Turkiyaga uzoq kutilgan qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish AQSH manfaatlariga mos kelishi va uning mudofaa imkoniyatlarini oshirish NATOning manfaatlariga ham to‘g‘ri kelishini aytgan.
“Prezident Bayden bir necha oydan buyon ochiq va ravshan gapirib kelayotganidek, u F-16 samolyotlarini Turkiyaga yetkazib berish tarafdori va bu qadam bizning milliy manfaatlarimizga to‘g‘ri keladi. Turkiyaning imkoniyatlarini oshirish NATO manfaatlariga mos keladi”, deydi u.
Shuningdek, Sallivan jurnalistlarning Turkiya parlamenti Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi haqidagi qarorni ratifikatsiya qilmasidan avval unga F-16 samolyotlarini berish ehtimoli qandayligi bo‘yicha bergan savoliga javob berishdan bosh tortgan. Bundan tashqari, maslahatchi mazkur masala ko‘rib chiqilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berish hamda uning taxminiy muddatini aytishni ham istamagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bayden ma’muriyati Turkiyaga qiruvchi samolyotlarni sotish bo‘yicha Kongressdan ruxsat olmoqchi ekani xabar qilingandi.
LiveBarchasi