AQSH elchisi Jahon matbuot erkinligi kuni bilan o‘zbekistonlik OAV xodimlarini tabrikladi

Jamiyat

image

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni bilan QALAMPIR.UZ tahririyati xodimlarini hamda barcha o‘zbekistonlik ommaviy axborot vositalari xodimlarini, jurnalist va blogerlarni tabrikladi.

“Jahon matbuot erkinligi kunida biz butun dunyo bo‘ylab o‘z jamiyatlarida ma’rifat ulashayotgan, ularni xabardor qilib, o‘zaro munosabatga kirishayotgan jurnalistlarning jasoratini sharaflaymiz. Erkin va mustaqil matbuot vatandoshlarga ularning turmushini shakllantiradigan voqealarni tushunishga yordam beradi hamda g‘oyalar va fikrlar xilma-xilligini targ‘ib qiladi. Bunday erkin axborot almashinuvi har bir demokratik davlatning asosiy bo‘lagi sanaladi”, deyiladi bayonotda.

AQSH elchisi ko‘plab jurnalistlarning ko‘rsatayotgan jasoratini va tashabbusini alohida ta’kidlagan.

“Bugungi kunda ko‘plab jurnalistlar dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini va Afg‘onistondagi inson huquqlarining buzilishini yoritish uchun o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishmoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarining faoliyati har qachongidan ham muhimroqdir”, deyiladi elchi janoblari yo‘llagan bayonotda.

Shuningdek, Henik AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi O‘zbekistonda media sohasidagi ijobiy siljishlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini qo‘shimcha qilgan.

“Hamkasblarim va men turli treninglar hamda ta’lim olish imkoniyatlari orqali qo‘llab-quvvatlayotganimiz o‘zbekistonlik jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikni qadrlaymiz. Biz O‘zbekiston jurnalistlari mehnatini nafaqat bugun, balki har kuni sharaflashdan faxrlanamiz”, deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

OAV AQSh elchisi Jonatan Henik Jahon matbuot erkinligi kuni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing