AQSH chegarasida olti oy ichida 1 millionga yaqin muhojir hibsga olindi

Olam

image

AQSHning janubiy chegarasida 2024 moliya yili boshidan buyon (AQSHda oktyabrda boshlanadi) 1 millionga yaqin muhojir qo‘lga olindi. Bu haqda AQSH Chegara xizmati boshlig‘i Jeyson Ouensga tayanib, CBS News xabar berdi.

“Bu milliy xavfsizlikka tahdid. Chegara xavfsizligi milliy xavfsizlikning muhim qismidir. Mamlakatimizga kimlar kirib kelayotganini bilmasak, ularning niyatini bilmaymiz. Bu tahdid va ular bizning zaifligimizdan foydalanmoqda”, deydi Jeyson Ouens.

Uning aytishicha, birgina so‘nggi olti oy ichida Chegara xizmati AQSH-Meksika chegarasida 1 millionga yaqin muhojirning qo‘lga olinishini qayd etgan va bu raqam sentyabr oyiga kelib ikki baravar oshishi mumkin. 

“Bu juda katta raqam, lekin meni tunda uyg‘otadigan narsa – qochishga muvaffaq bo‘lgan 140 ming. Va bular biz biladigan holatlargina, xolos”, deya qo‘shimcha qildi Ouens.

2022 va 2023 moliyaviy yillarda AQSH Chegara xizmati janubiy chegarani noqonuniy kesib o‘tgan 2 milliondan ortiq muhojirlarning hibsga olinganini ma’lum qilgan, bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 2023 yilning may oyida mamlakat sobiq prezident Donald Tramp davrida koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan deportatsiya bo‘yicha 42-modda deb ataladigan maxsus rejimni qo‘llashni to‘xtatdi. Unga ko‘ra, muhojirlarga COVID-19 tarqalishi xavfi tufayli boshpana berish rad etilishi mumkin edi. Amaldagi yetakchi Jo Bayden ma’muriyati boshpana olish huquqiga ega bo‘lmaganlarni deportatsiya qilish kabi yangi talablarni kiritdi, biroq bu muhojirlar oqimini to‘xtata olmadi.

Ouensning ta’kidlashicha, chegarani noqonuniy kesib o‘tishning o‘sishi asosan Meksika kartellarining faolligi oshishi bilan bog‘liq. U immigratsiya siyosatini qattiqroq joriy etishga chaqirdi. 

“Men qamoq muddati haqida gapiryapman. Sizni mamlakatdan chiqarib yuborilganingiz va o‘rnatilgan qonuniy yo‘llar o‘rniga noqonuniy yo‘lni tanlaganingiz uchun qaytib kelishingiz taqiqlangani haqida gapiryapman”, deb tushuntirdi Chegara xizmati rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Montana shtatidan senator Stiv Deyns 2023 yilda Markaziy Osiyodan 50 ming kishi (ulardan 17 ming nafari o‘zbekistonlik) AQSH chegarasini kesib o‘tganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh chegara Meksika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing