AQSH bugun Rossiyadan energiya resurslarini import qilishni taqiqlaydi – OAV

Olam

image

AQSH bugun, 8 mart kuni Rossiyadan energiya importiga cheklovni tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” jurnalisti Ennmari Xordern manbalarga tayangan holda ma’lum qilgan. 

“Qo‘shma Shtatlar bugun Rossiya energiya resurslarini import qilishni taqiqlamoqchi, dedi menga manba. <. . . > Yevropa ittifoqchilari [cheklovga] qo‘shilmaydi, biroq bu qaror Rossiya energiya resurslariga AQSHdan ko‘proq bog‘liq bo‘lgan Yevropa bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilingan”,  deb yozdi u Twitter’dagi sahifasida. 

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligining ishonch bilan yozishicha, “AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 8 mart kuni Ukrainadagi urush fonida Rossiyadan AQCHShga neft yetkazib berish taqiqlanganini e’lon qiladi”.  

Amerika yetakchisining nutqi Vashington vaqti bilan 10:45 (Toshkent vaqti bilan 20:45)ga belgilangan.

Shu bilan birga, Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki avvalroq Qo‘shma Shtatlar global energiya bozorida yetkazib berishni qisqartirishdan strategik manfaatdor emasligini aytgandi. 

Ma’lumot uchun, 2021 yilda Rossiya neftining AQSHga yetkazib berilishi 2020 yilga nisbatan 2,7 baravarga oshib, 72,608 million barrelni tashkil qilgan. Rossiyadan neft mahsulotlari importi 1,5 foizga oshib, 172,586 million barrelga yetgan. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar 19-25 fevral kunlari Rossiyadan neft importini nolga tushirgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 mart kuni dunyoning eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri Shell Rossiya neft va gazidan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatmoqchi ekanini ma’lum qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

276

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing